Boshqa

“Ko‘zlarimni “chirt” yumib ketayapman...”  yoxud muhojirlikni uzaytirgan orzu-havas

Suhbatdoshlarimning deyarli yarmi “to‘y qilaman” deya javob berdi, qolganlari esa “O‘zbekistondan uy olaman”, “avtomobil sotib

“Ko‘zlarimni “chirt” yumib ketayapman...” yoxud muhojirlikni uzaytirgan orzu-havas

Taqdir taqozosi bilan Turkiyada 8 oy yashadim va migratsiya mavzusi yuzasidan bu mamlakatda mehnat qilayotgan 100 nafardan ortiq vatandoshim bilan suhbatlashdim. Ularning har biriga “Bu yerga kelib ishlashingizdan maqsad nima?” degan savolni berdim. Suhbatdoshlarimning deyarli yarmi “to‘y qilaman” deb javob berdi, qolganlari esa “O‘zbekistondan uy olaman”, “avtomobil sotib olishim kerak”, “hamma dang‘illama uy quryapti, men ham yana 5 yil ishlasam, eski uyimni buzib, o‘rniga qasr quraman”, “shahar markazidan uy, mashina olaman va bitta do‘kon qilsam, bo‘ldi, mazza qilib yashayman” kabi javoblarni berdi.

O‘g‘lini uylantirish uchun may oyida Turkiyadan qaytgan Samira bilan suhbatlashdim. U Andijonda ustachilik qiladigan o‘g‘lining boshini ikki qilish uchun Istanbulda 3 yil yemay-ichmay pul yig‘di, hatto kiyim-kechak ham deyarli sotib olmadi. Bir oy avval to‘y ham bo‘lib o‘tibdi.

— Uch yil to‘plagan pulim to‘yga ketdi. Kamiga to‘yonalarni ham sarfladim. ZAGSga 10 ta mashina qildik, ulardan 2 tasiga 200 dollardan berdik. Bazm kechasiga 2 ta mashhur qo‘shiqchi chaqirdik, 150 nafar mehmon uchun stol tuzadik. Kishi boshiga 200 ming so‘mdan bo‘ldi. To‘ydan keyingi marosimlarning hammasini bir kun keyin o‘tkazdik: “Kuyov qochdi”, “Quda chaqiruv”, “Yo‘qlandi”, “Ko‘rdi”. Quda tomonga sarpo, oziq-ovqat, yo‘l xarajatlari degandek. Hozir qo‘limda deyarli pulim qolmadi. O‘g‘lim hali ishga chiqqani yo‘q. Shu kelin tomondan kelayotgan mazarga qarab o‘tiribmiz. Olib kelmanglar demoqchiman, ammo keyin kunimizni qanday ko‘ramiz deyapman.

— Oddiyroq to‘y qilsangiz ham bo‘lardi-ku? Bunchalik xarajatga sizni nima majbur qildi?

— Orzu-havas. “Pul topiladi” debman...

Shu o‘rinda 4 oy avval katta qizini turmushga uzatgan istanbullik Demirbeydan to‘ydagi sarf-xarajatlari haqida so‘radim:

— Bizda mehmonlar to‘yga ovqat yegani emas, asosan, o‘yin-kulgu qilgani kelishadi. Men bir to‘yxonani 2 oy oldin 300 dollarga band qildim. Stolga biz kurabiya kabi arzon 2-3 xil shirinlik va 2 turda suv yoki sharbat qo‘yamiz. To‘ydagi xarajat oz, ya’ni biz mehmonlarni turli taomlar bilan siylashni xush ko‘rmaymiz. Albatta, boylar shunday qilishi mumkin. Ammo oddiy bir turk oilasi har kishidan 100-150 lira atrofida oladigan to‘yonasi evaziga ortiqcha xarajat qilmaydi.

Chindan ham, turk filmlarini ko‘rganimizda, to‘y marosimidagi mehmonlar deyarli quruq stol atrofiga yig‘ilib olib suhbatlashishadi. Ba’zi stollarda guldan boshqa narsa bo‘lmaydi. Turkiyadaligimda bir tanishimning to‘yida qatnashdim. To‘g‘risini aytsam, o‘sha kuni tushlik ham qilmagandim, to‘yxonaga borsam, stolda bir stakandan suv va tirnoqdek keladigan pishiriqdan boshqa narsa yo‘q ekan. Hech kimning stoldagilar bilan ishi ham bo‘lmadi. To‘y davomida turklar raqsga tushishdan bo‘shamadi. Men 3 soatdan so‘ng och qolib uyga qaytayotganimda, to‘y endi avjiga chiqqandi...

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-iyun oylarida xorijdan O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 9,3 mlrd dollarni tashkil etgan. Bunda Turkiyadagi muhojirlarning ham hissasi bor, albatta. Uch yil ichida qiynalib topilgan 32 ming dollardan oshiq mablag‘ini to‘y va u bilan bog‘liq marosimlarga sarflab yuborgan Samira bugun yana Turkiyaga ketish taraddudiga tushgan. Chunki uning maktabda o‘qiydigan yana ikki nafar farzandi bor. Samira ishlagani ketsa, bolalar akasi va yangasining qo‘lida qoladi. Akasi pul topsa, oziq-ovqatga puli bo‘ladi, topmasa — yo‘q. Agar Samira to‘yga sarflagan pulining yarmiga o‘g‘li va kelini uchun biror tadbirkorlik boshlab berganida edi, bugun ular yangi kelinning oilasi tomonidan kelayotgan mazarga qarab qolmas edilar. Balki Samira ham Turkiyaga ketmagan bo‘larmidi.

Istanbulning Fotih tumanidagi Kapali charsi bozorida ro‘mol sotuvchi Ahmetbey shunday deydi:

— Siz o‘zbeklar “shik” yashashni sevadigan xalqsiz. Bu yerga kelishadi, og‘ir mehnat qilishadi, yemay-ichmay pul to‘plashadi va so‘ng vatanlariga qaytib borib, dabdabali to‘y qilishadi, 5-10 xonali uylar qurishadi, mashina olishadi. O‘zlari yoki farzandlari uchun emas, boshqalarni qoyil qoldirish uchun yashaydi o‘zbeklar...

— Bundan keyin kichik farzandlarimning kelajagi uchun ishlayman, — deydi Samira. — Yillar davomida pul to‘plamasdan, har oy kichiklarimning xarajatlari, o‘qishlariga pul jo‘natib turaman. 1-2 oy ish topib joylashgunimgacha bolalarim akalariga omonat. Ko‘zlarimni “chirt” yumib ketayapman...

Samira kabi, o‘zga yurtda sog‘liq va hayotini boy berib topilgan mablag‘ni bir kechalik yoki bir necha kunlik shohona bazmga sovurish — bu faqat isrofgina emas, balki o‘z qo‘limiz bilan farzandlarimizning ertangi kunini xavf ostiga qo‘yish ham demak.

Qachonki, biz uchun oilaning tinchligi va farzandlarning kelajagi — “El nima deydi?”, “Boshqalardan kam bo‘lmaylik” kabi umrni yeydigan stereotiplardan ustun qo‘yilmas ekan, muhojirlik karvoni uzayishda davom etaveradi. Aslida chinakam baxt va farovonlik ko‘zbo‘yamachilik bilan qurilgan qasrlarda emas, oila bag‘rida, totuvlikda va har bir topilgan imkoniyatdan oqilona foydalanishda mujassam. Samiraning ko‘zlarini “chirt” yumib muhojirlikka yana yuz tutishi esa jamiyatimizni xushyorlikka tortishi kerak bo‘lgan og‘riqli haqiqatdir.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.