Bogʻot tumanida bir oilaning 4 aʼzosi zaharlanib vafot etdi
Hodisa 10-oktabr kuni tumanning Maʼnaviyat mahallasida sodir boʻlgan. Ayol va uning 3 nafar voyaga yetmagan qizi vafot etgan. Ular salatdan zaharlangani aytilmoqda.

Bogʻot tumanida bir oilaning 4 aʼzosi zaharlanib vafot etdi
Xorazm viloyatining Bogʻot tumanida bir oilaning 4 aʼzosi zaharlanib, hayotdan koʻz yumdi. Bu holatni voqea sodir boʻlgan Maʼnaviyat mahallasi raisi Kun.uz’ga tasdiqladi.
Mahalla raisining soʻzlariga koʻra, ayol va uning qizlarining oʻlimiga aynan nima sabab boʻlgani hozircha nomaʼlum. Biroq ular salatdan zaharlangan boʻlishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Oilada tugʻilgan kun nishonlangan edi. Ertasi kuni ayol qizlari bilan tugʻilgan kun tadbiridan qolgan salatni yegan. Shu vaqtda uning turmush oʻrtogʻi uyda boʻlmagan. Salatlarni ayolning oʻzi tayyorlagani aytilmoqda.
Vafot etgan qizlarning kattasi 7 yoshda boʻlgani maʼlum qilinmoqda. Oilada uch qizdan boshqa farzand boʻlmagan.
Hodisa yuzasidan hozircha rasmiy maʼlumot berilmagan.

