Tambovdagi Wildberries ombori dronlar hujumiga uchradi
26-avgustga oʻtar kechasi Ukraina uchuvchisiz uchish apparatlari Rossiyaning Tambov viloyatiga hujum qildi. Hujum oqibatida Kotovsk shahrida joylashgan Wildberries marketpleysining yirik logistika markazida kuchli yongʻin kelib chiqdi. Yongʻin 40 ming kvadrat metr maydonni qamrab olgan, bir nafar ombor xodimi jarohatlangan. Shu kecha Nijniy Novgorod viloyatining Kstovo shahridagi neftni qayta ishlash zavodi yaqinida ham yongʻin kuzatilgan.

Tambov viloyatidagi Wildberries ombori dron hujumiga uchradi. Viloyat gubernatori Yevgeniy Pervyshovning tasdiqlashicha, Wildberries logistika markaziga dron kelib tushgan. Havo hujumidan mudofaa tizimi va "BARS-Tambov" mobil oʻt ochish guruhlari tomonidan jami 16 ta uchuvchisiz uchish apparati yoʻq qilingan.
Shunga qaramay, dronlardan biri logistika markaziga zarba berib, katta yongʻinga sabab boʻlgan. Viloyat rahbari taʼkidlashicha, "Ukraina dronlari zarbalari natijasida Wildberries logistika markazida yongʻin sodir boʻldi. Yongʻin maydoni 40 ming kvadrat metrni tashkil etdi".
Hujum oqibatida omborning bir xodimi jarohatlangan. Shuningdek, viloyat hududida dron qulashi natijasida xususiy uylardan birida ham yongʻin chiqqan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Kotovskdagi logistika markazida sodir boʻlgan yirik yongʻin aks etgan videolar tarqaldi. Kadrlarda obyekt hududidan katta miqdorda tutun koʻtarilayotgani va yongʻin keng maydonni qamrab olgani koʻrinadi. Ochiq manbalardagi maʼlumotlarga koʻra, Wildberriesʼning Kotovskdagi logistika majmuasi umumiy hisobda 108 ming kvadrat metr maydonni egallaydi.
Mazkur obyekt avval ham dronlar hujumiga uchragan. Xususan, 18-iyulga oʻtar kechasi ombor majmuasiga uchuvchisiz uchish apparati zarba berishi natijasida yirik yongʻin sodir boʻlgan. Oʻsha hodisada yetti kishi halok boʻlgan va yana 25 kishi jabrlangani xabar qilingan.
Ayni paytda Nijniy Novgorod viloyatining Kstovo shahri aholisi mahalliy neftni qayta ishlash zavodi joylashgan hududda kuchli yongʻin kuzatilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabar bergan. Gap "Lukoyl-Nijegorodnefteorgsintez" neftni qayta ishlash zavodi haqida ketmoqda. Tarqalgan kadrlarda korxona joylashgan hudud yaqinida kuchli yongʻin va osmonga koʻtarilayotgan tutunni koʻrish mumkin.
26-avgustga oʻtar kechasi Nijniy Novgorod viloyatida havo hujumi xavfi rejimi amal qilgan. Biroq mahalliy hokimiyat dastlab dronlar hujumining ehtimoliy oqibatlari haqida batafsil maʼlumot bermagan. Kstovodagi zavod Rossiya hududidagi neftni qayta ishlash obyektlariga Ukraina dronlari zarbalari kuchayganidan buyon bir necha bor hujumga uchragan.

