Voronejda dron xavfi fonida Wildberries omborida yong‘in chiqdi
Rossiyaning Voronej viloyatida joylashgan Wildberries kompaniyasining yirik logistika markazida 11-avgustga o‘tar kechasi yong‘in sodir bo‘ldi. Maydoni qariyb 153 ming kvadrat metr bo‘lgan majmuada 90 milliondan ortiq tovar saqlanishi mumkin edi. Hodisa paytida Voronejda dron hujumi xavfi sabab ogohlantirish e’lon qilingan.

Voronej viloyatining Novousmanskiy tumanidagi Aleksandrovka qishlog‘ida joylashgan Wildberries logistika markazida 11-avgustga o‘tar kechasi yong‘in sodir bo‘ldi. Bu hodisa dron hujumi xavfi fonida yuz berdi.
OSINT-tahlilchilar va ASTRA Telegram-kanali ma’lumotlariga ko‘ra, ob’yektga hujum qilingan bo‘lishi mumkin. Mahalliy aholi ham hududda portlash ovozlari eshitilganini bildirgan. Hozircha yong‘inning kelib chiqish sababi haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Ushbu logistika majmuasi to‘liq quvvat bilan 2025-yil noyabr oyida ishga tushirilgan edi. Voronej viloyati Investitsiyalarni jalb qilish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, markazning umumiy maydoni 152,9 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Uning omborlarida 90 milliondan ortiq turdagi tovarlarni saqlash imkoniyati mavjud edi.
ASTRA ma’lumotlariga ko‘ra, Wildberries va Russ birlashgan kompaniyasi – RVB ushbu ob’yekt qurilishiga qariyb 11 milliard rubl sarmoya kiritgan.
Wildberries&Russ matbuot xizmati Voronej viloyatidagi kompaniya logistika ob’yektlari xavfsizlik talablariga muvofiq evakuatsiya qilinganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, Voronej shahrida uchuvchisiz uchish apparatlari zarbasi xavfi tufayli ogohlantirish e’lon qilingan. Bu haqda Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Gusev xabar bergan.
Manbada qayd etilishicha, Wildberries logistika markazlari 18-iyuldan buyon bir necha bor Ukraina dronlari hujumlariga uchragan.
Reuters agentligi sun’iy yo‘ldosh tasvirlari asosida o‘tkazgan tahlilga ko‘ra, kompaniya ombor quvvatlarining taxminan 20 foizini yo‘qotgan bo‘lishi mumkin. Yong‘inlar kompaniya va uning hamkorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarar yetkazish bilan birga, savdo hajmiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgani aytilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sankt-Peterburg, Tula, Elektrostal, Krasnodar va Nevinnomiskdagi 20 dan ortiq logistika markazi zarbalarga uchragan. Ularning kamida 14 tasi yong‘indan zarar ko‘rgan.
The Bell manbalari bahosiga ko‘ra, Wildberriesʼning bevosita zarari 100–200 milliard rubldan oshishi mumkin. Shuningdek, tovarlaridan ayrilgan sotuvchilarning bir qismi platformani tark etishi ortidan kompaniya aylanmasi qariyb chorakka qisqargani aytilmoqda.

