Mahalliy

Ta’lim va ilm-fan vazirligi oʻqishga qabul qilish va koʻchirishdagi firibgarlikdan ogohlantirdi

Vazirlik buni pul evaziga, belgilangan tartiblarni chetlab oʻtgan holda hal qilib berishni vaʼda qilayotgan shaxslarga ishonish moddiy zarar koʻrish va qonun oldida javobgarlikka sabab boʻlishi mumkinligini eslatdi.

Ta’lim va ilm-fan vazirligi oʻqishga qabul qilish va koʻchirish jarayonlaridagi firibgarliklar haqida ogohlantirdi

Ta’lim va ilm-fan vazirligi fuqarolarni oʻqishga qabul qilish hamda oʻqishni koʻchirish bilan bogʻliq masalalarda firibgarlik holatlaridan ogoh boʻlishga chaqirdi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Namangan viloyati boshqarmasi oʻtkazgan tezkor tadbirda fuqaroni xususiy universitetning 3-kursiga oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilib, buning evaziga 18 mln soʻm talab qilgan shaxs pulni olayotgan paytda qoʻlga olingani hamda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani haqida xabar berilgandi. Vazirlik bunday noqonuniy harakatlarni qoralab, qonuniy tartibga amal qilishga chaqirdi.

Amaldagi tartibga koʻra, xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridan oʻqishni koʻchirish uchun arizalar har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus elektron platformasi orqali qabul qilinadi. Oʻqishni koʻchirish agentlik oʻtkazadigan maxsus sinovlar natijalariga asosan amalga oshiriladi.

Shuningdek, nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga qabul qilingan talabalar haqidagi buyruqlar 1-oktyabrdan kechiktirmay HEMIS tizimida roʻyxatdan oʻtkazilishi shart. Belgilangan tartibga muvofiq, HEMIS tizimiga kiritilmagan shaxslarga diplom shakllantirilmaydi.

“Shu sababli sinovsiz 3-kursga kiritib qoʻyamiz, oʻqishni muddatidan keyin koʻchirib beramiz yoki hujjatlarni keyin rasmiylashtiramiz, kabi vaʼdalarga ishonmang”, deyiladi vazirlik xabarida.

Vazirlik fuqarolardan oʻqishga qabul qilish va oʻqishni koʻchirishda faqat belgilangan tartib hamda rasmiy platformalardan foydalanishni; oʻqishga qabul qilingandan soʻng maʼlumotlarning HEMIS tizimida roʻyxatdan oʻtkazilganini tekshirishni; hujjatlari va mablagʻlarini vositachilarga bermaslikni, barcha jarayonlarni qonuniy tartibda amalga oshirishni; shubhali takliflar yoki qonunbuzilish holatlari haqida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 1253 yoki vazirlikning 1006 qisqa raqamlari orqali xabar berishni soʻradi.

Oʻqishga qabul qilish yoki oʻqishni koʻchirishni pul evaziga, belgilangan tartiblarni chetlab oʻtgan holda hal qilib berishni vaʼda qilayotgan shaxslarga ishonish moddiy zarar koʻrish va qonun oldida javobgarlikka sabab boʻlishi mumkinligi eslatildi.

Toshkentda 7,5 ming dollarga xususiy OTMga oʻqishga kiritishni vaʼda qilgan shaxs ushlandi. Buxoroda Qozogʻistondagi oliy oʻquv yurtlaridan birida 1—3-kurslarni oʻqigani haqidagi qalbaki hujjatlarni tayyorlab, yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Buxoro Innovatsion ta’lim va tibbiyot universitetining tibbiyot yoʻnalishiga 4-kursdan oʻqishga kiritib berishini aytib, 26 mln soʻmni olgan fuqaro ashyoviy dalillar bilan ushlangandi. Xorazmda hokim yordamchisi fuqaroni Toshkent gumanitar fanlar universitetiga oʻqishga kiritib qoʻyishini aytib, 1 400 AQSH dollarini olgan vaqtida qoʻlga tushgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.