Mahalliy

Olti oyda 11 mingdan ziyod magistrant xotin-qizlar kontrakti davlat tomonidan toʻlab berildi

Olti oy ichida 11 mingdan ortiq magistratura talabasidagi xotin-qizlarning kontrakti davlat hisobidan qoplandi

Oʻzbekistonda 2026-yilning I yarmida magistraturada tahsil olayotgan 11 ming nafardan ziyod xotin-qizlarning toʻlov-kontrakti davlat byudjetidan toʻlab berildi. Bu haqda bosh vazir oʻrinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov 15-sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi yigʻilishda maʼlum qildi.

Hukumat vakili davlat byudjetining olti oylik ijrosi yuzasidan parlamentga hisobot taqdim etdi. Qayd etilishicha, olti oy davomida 11 mingdan ziyod magistrant xotin-qizlarning toʻlov-shartnomasi uchun jami 75,5 milliard soʻm ajratilgan. Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida bunday subsidiyalar 48 mlrd soʻmni tashkil etgan.

“Bundan tashqari, qariyb yetti ming nafar xotin-qizga 88 milliard soʻm miqdorida foizsiz taʼlim krediti, 1,8 ming nafarga yaqin talabaga 26 milliard soʻm miqdorida imtiyozli taʼlim krediti ajratildi”, dedi vazir.

Jamshid Qoʻchqorov yarim yil davomida oliy taʼlim sohasiga 6,3 trillion soʻm yoki taʼlim xarajatlarining 12,7 foizi yoʻnaltirilganini bildirdi. Shundan 2,1 trillion soʻm oʻrta maxsus va kasbiy taʼlimga, 3,6 trillion soʻmi oliy taʼlimga sarflangan.

“Bunda kasbiy taʼlim sifatini oshirish maqsadida 14 ta texnikumda xalqaro taʼlim dasturlarini joriy etishga 72 milliard soʻm ajratildi. Hisobot davrida davlat oliy taʼlim muassasalaridagi talabalar turar joylari soni 386 taga, ularning sigʻimi 156 mingdan oshib, yotoqxonaga ehtiyoji mavjud talabalarning 57 foizi qamrab olindi. Talabalar turar joylarini barpo etish, xususiy sheriklarni qoʻllab-quvvatlash va ijara xarajatlarini qoplash uchun 182 milliard soʻm subsidiyalar ajratildi”, dedi hukumat vakili.

Tahlillarga koʻra, mamlakatda oliy taʼlim qamrovi 44 foizga, talabalar soni esa 1,6 million nafarga yetgan.

Bundan oldin davlat byudjetining olti oylik ijrosi boʻyicha kengroq maʼlumot berilgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.