Mahalliy

Oliy ta’lim vazirligi Hindiston va Bangladesh fuqarolarini talabalikka qabul qilmaslik haqida ko‘rsatma berilgani haqidagi xabarlarni rad etdi

Oliy ta’lim vazirligi Hindiston va Bangladesh fuqarolarini talabalikka qabul qilmaslik haqida ko‘rsatma berilgani haqidagi xabarlarni inkor etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga Hindiston hamda Bangladesh fuqarolarini talabalikka qabul qilmaslik yuzasidan og‘zaki ko‘rsatma bergani haqida xabarlar tarqaldi. Vazirlik bu ma’lumotlar haqiqatga mos emasligini bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab xorijlik abituriyentlarni O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilish jarayoni “Study in Uzbekistan” yagona elektron platformasi orqali amalga oshirilmoqda.

Platforma orqali xorijlik abituriyentlar O‘zbekistondagi oliy ta’lim tashkilotlari, ta’lim dasturlari, qabul shartlari va to‘lov miqdorlari haqida ma’lumot olishi, hujjatlarni elektron tarzda topshirishi hamda arizasining holatini kuzatishi mumkin.

Vazirlikka ko‘ra, yangi tizimning asosiy maqsadi xorijlik abituriyentlar uchun qabul jarayonini yanada ochiq va shaffof qilish, ularni turli vositachilarga bog‘liq holatdan chiqarish hamda oliy ta’lim tashkilotlari bilan bevosita muloqot qilish imkonini yaratishdan iborat. Platformada ro‘yxatdan o‘tish bepul bo‘lib, abituriyent tanlagan oliy ta’lim tashkilotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ariza topshirishi mumkin.

Shuningdek, O‘zbekiston xorijiy talabalar oqimini cheklashdan emas, balki kengaytirishdan manfaatdor ekani qayd etilgan. Bunda xorijiy talabalar geografiyasini kengaytirish, O‘zbekistonni ta’lim olish uchun jozibador mamlakat sifatida xorijda targ‘ib qilish va ta’lim eksportini barqaror rivojlantirish maqsad qilingan.

Xorijiy talabalarni qabul qilish hajmi esa har bir oliy ta’lim tashkiloti tomonidan uning mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilanadi. Bunda o‘quv auditoriyalari, o‘quv-laboratoriya bazasi, professor-o‘qituvchilar salohiyati, talabalar turar joylari va boshqa infratuzilma imkoniyatlari inobatga olinadi.

Vazirlik xorijlik abituriyentlarga O‘zbekistonda ta’lim olish uchun rasmiy “Study in Uzbekistan” platformasidan foydalanishni, qabul shartlari bo‘yicha ma’lumotlarni bevosita tanlangan oliy ta’lim tashkilotidan olishni hamda turli vositachilarga asossiz to‘lovlar qilmaslikni tavsiya qilgan.

Qabul jarayonida muammoga duch kelgan xorijlik abituriyentlar bu haqda platformadagi rasmiy murojaat kanallari orqali xabar berishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.