Mahalliy

Talabalar uchun «Dolzarb qirq kunlik» eʼlon qilindi

Oʻzbekistonda 2026-2027 oʻquv yilida oliy taʼlim tashkilotlarining 1-bosqich talabalari uchun darslar 7-sentabrdan, 2- va undan yuqori bosqich talabalari uchun esa 14-sentabrdan boshlanadi. Shuningdek, 20-avgustdan 30-sentabrga qadar OTMda talabalarni kutib olish va turar joy bilan taʼminlashga qaratilgan «Dolzarb qirq kunlik» oʻtkaziladi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining 2026-yil 21-avgustdagi 356-sonli buyrugʻiga asosan, taʼlim muassasalarini yangi oʻquv yiliga tayyorlash hamda Oʻzbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib nishonlash maqsadida bir qator muhim vazifalar belgilandi.

Ushbu hujjatga koʻra, joriy yilning 20-avgustidan 30-sentabrigacha boʻlgan muddat oliy taʼlim tashkilotlarida «Dolzarb qirq kunlik» deb eʼlon qilindi. Bu davr mobaynida talabalarni yangi oʻquv yiliga munosib kutib olish, ularni turar joy bilan taʼminlash hamda bu jarayonda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish choralari koʻriladi.

**Yangi oʻquv yili qachon boshlanadi?**

2026-2027 oʻquv yili birinchi bosqich talabalari uchun 7-sentabrdan start oladi. Ikkinchi va undan yuqori bosqichlarda tahsil olayotgan talabalar esa 14-sentabrdan oʻqishni boshlaydilar.

Shu bilan birga, talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga toʻlov-kontrakt mablagʻlarini shartnomada belgilangan miqdor va muddatlarda toʻlagunga qadar farmoyish asosida oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi.

Birinchi bosqich talabalarini yangi muhitga moslashtirish boʻyicha ham alohida tadbirlar rejalashtirilgan. Xususan, ularni tantanali kutib olish, «Kredit taʼlimi tizimiga kirish» haftaligi hamda «Talabalikka bagʻishlov» tadbirlarini tashkil etish koʻzda tutilgan.

Sentabr oyi davomida oliy taʼlim tashkilotlarida «Yagona vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yarataylik!» shiori ostida «Mustaqillik darslari» ham oʻtkaziladi. Ushbu darslar doirasida jadidlik harakati namoyandalari va qatagʻon qurbonlariga bagʻishlangan mashgʻulotlar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, davra suhbatlari va uch avlod uchrashuvlari tashkil etiladi. Shuningdek, viktorinalar, koʻrik-tanlovlar va sport musobaqalarini oʻtkazish ham belgilangan.

Bundan tashqari, oliy taʼlim tashkilotlariga oʻquv binolari va talabalar turar joylarini yangi oʻquv yiliga tayyorlash, professor-oʻqituvchilar tarkibini shakllantirish hamda zarur oʻquv-uslubiy hujjatlar bilan taʼminlash vazifasi yuklatildi. OTMlar yangi oʻquv yili boshlanguniga qadar taʼlim jarayonini samarali tashkil etish boʻyicha zarur tayyorgarlik ishlarini ham amalga oshirishi lozim.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.