O‘zbekistonda mandat 15-avgust kuni e’lon qilinadi

O‘zbekistonda 2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat yo‘nalishlariga kirish test sinovlari natijalari 15-avgust kuni e’lon qilinadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov “Daryo” muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi to‘rt yil ichida kirish imtihonlarida 56,7 balldan past natija ko‘rsatgan abituriyentlar ulushi sezilarli darajada kamaygan. To‘rt yil avval bu ko‘rsatkich 46 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda 34 foizga tushgan. Shu bilan birga, abituriyentlarning 74 foizi 56,7 balldan yuqori natija qayd etgan.
Sharipov barcha maktab bitiruvchilarining oliy ma’lumot olishi shart emasligini ta’kidladi. Uning fikricha, mehnat bozorida oliy ta’limga bo‘lgan ehtiyoj taxminan 30 foizni tashkil etadi, qolgan 70 foiz yoshlar esa o‘rta maxsus ta’lim orqali tayyorlanishi lozim.
Vazir oliy ta’limga qabul jarayonida mehnat bozori ehtiyojlarini inobatga olish muhimligini qayd etdi. Joriy yilda davlat granti asosida 36 mingta o‘rin ajratilgan bo‘lsa, qariyb 200 mingta o‘rin kontrakt asosida shakllantirilgan. Qabul ko‘rsatkichlari yo‘nalishlar va talab etilayotgan mutaxassislar sonidan kelib chiqib belgilangan.
Shuningdek, bu yil ayrim universitetlarda mehnat bozori talablariga mos yangi ta’lim yo‘nalishlari ochilayotgani ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2025/2026-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat yo‘nalishlariga kirish test sinovlari bo‘yicha tanlov natijalari 13-avgust kuni e’lon qilingan edi.

