Talaba qizlar kontraktini toʻlab berish tartibi maʼlum qilindi
Oʻzbekistonda har yili har bir viloyatdan 150 nafar talaba xotin-qizning oʻqish kontrakti mahalliy hokimliklar tomonidan toʻlab beriladi. Imtiyoz kam taʼminlangan oilalar qizlari, yetim yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalar hamda ayrim boshqa toifadagi xotin-qizlarga beriladi.

Talaba qizlarning kontrakt toʻlovlarini qoplash tartibi eʼlon qilindi.
Prezidentning "Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qaroriga binoan, talaba xotin-qizlarning kontrakt pullari mahalliy hokimliklar tomonidan qoplab berilishi belgilangan.
Ushbu tartibga koʻra, har yili har bir viloyatdan jami 150 nafar talaba xotin-qizning kontrakt toʻlovi qoplanadi.
Bu 150 nafar talabaning 40 nafari birinchi kursda, qolgan 100 nafari esa ikkinchi va undan yuqori kurslarda oʻqiyotgan talaba xotin-qizlar boʻlishi shart.
Mazkur imtiyozdan "Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan kam taʼminlangan oilalarning qizlari foydalanishlari mumkin.
Bundan tashqari, yetim yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan talaba qizlar, shuningdek, voyaga yetmagan farzandlarini yolgʻiz tarbiyalayotgan yoki boquvchisini yoʻqotgan ayollarning qizlari ham kontrakt toʻlovini qoplash uchun ariza berishlari mumkin.
Ammo bu imkoniyat ikkinchi mutaxassislik boʻyicha taʼlim olayotganlarga taalluqli emas.
Shuningdek, Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy yoki xususiy oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talaba xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlari ushbu tartib asosida qoplanmaydi.

