Chiqindi tashish va obodonlashtirishda ishlayotgan 100 nafar xodim farzandlariga kontrakt to‘lovi qoplab beriladi

**100 nafar chiqindi tashish va obodonlashtirish xodimining farzandlari uchun kontrakt to‘lovi qoplanadi**
O‘zbekistonda 1-sentyabrdan boshlab Sanitar tozalash korxonalari va obodonlashtirish boshqarmalarida "Tabiat uyg‘unligi himoyachisi" tanloviga arizalar qabul qilish boshlandi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi ma’lum qildi.
Tanlovda sanitar tozalash korxonalarida chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlari bilan shug‘ullanuvchi, shuningdek, obodonlashtirish boshqarmalarida tozalash ishlarida ko‘p yillar davomida sadoqatli mehnat qilgan xodimlar ishtirok etishi mumkin. G‘olib bo‘lgan 100 nafar xodimning davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan farzandlari yoki nevaralarining kontrakt to‘lovi qoplab beriladi.
Ushbu tanlovni o‘tkazish Prezident farmoni bilan 2024-yildan boshlangan edi. Tanlovning asosiy maqsadlaridan biri – sanitar tozalash korxonalarida chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlarini bevosita amalga oshirayotgan, shuningdek, obodonlashtirish boshqarmalarida tozalash ishlarida kamida 10 yil samarali va sadoqatli mehnat qilgan xodimlarni e’tirof etishdir. 2025-yilda ushbu tanlov asosida qoplangan kontrakt to‘lovlari miqdori 916 million 718 ming so‘mni tashkil etgan.
Tanlovda ishtirok etish uchun arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi lozim:
* Nomzodning biometrik pasporti yoki ID-kartasi nusxasi;
* 3x4 sm o‘lchamdagi rangli fotosurat;
* Ma’lumotnoma (obyektivka);
* Nomzodning so‘nggi 3 yil davomida amalga oshirgan ishlari, erishgan natijalari va tashabbuslari aks ettirilgan tavsifnoma;
* Farzandi yoki nevarasining davlat oliy ta’lim muassasasida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma hamda shartnoma nusxasi;
* Davlat oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan shaxsning nomzodga qarindoshligini tasdiqlovchi hujjat.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, g‘olib nomzodlarning davlat oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan farzandlari yoki nevaralarining bir yillik kontrakt to‘lovi qoplab beriladi. Bunda to‘lov miqdori BHMning 30 baravaridan oshmasligi kerak. Shu bilan birga, ushbu imtiyozdan foydalangan talabalar kelgusida davlat organlari va tashkilotlarida kamida 3 yil ishlab berish majburiyatini oladi.
Arizalarni qabul qilish 1-oktyabrga qadar davom etadi.

