Toshkentdagi ayrim shifoxonalar xavfli chiqindilarni maishiy axlatga qo‘shib tashlayotgani aniqlandi
Toshkentdagi qator klinikalar xavfli tibbiy chiqindilarni maishiy chiqindilarga noqonuniy ravishda aralashtirib, axlatxonalarga tashlayotgani aniqlandi. Shuningdek, zamonaviy utilizatsiya majmuasi atigi 25 foiz quvvatda ishlayotgani ma’lum bo‘ldi.

Toshkentdagi ayrim shifoxonalar xavfli tibbiy chiqindilarni maishiy axlat bilan birga tashlab yuborayotgani aniqlandi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi xabar berdi.
Ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi Toshkent shahrida tibbiyot chiqindilarini boshqarishda bir qator qonunbuzarliklarni aniqlagan. O‘rganishlar natijasida ayrim muassasalarda xavfli chiqindilar maishiy chiqindilar bilan aralashtirilib, poligonlarga yoki ruxsat etilmagan joylarga tashlangani ma’lum bo‘ldi.
Poytaxtda o‘rnatilgan ikkita uskunaning umumiy kunlik quvvati 12 tonna bo‘lishiga qaramay, amalda ularga kuniga atigi 3 tonna chiqindi yetkazib berilmoqda, bu esa uskunalar 25 foiz quvvatda ishlashini anglatadi.
Maxsus komissiyaning 2026-yilning dastlabki olti oyidagi tekshiruvlarida jami 3239,05 m³ tibbiyot chiqindisi olib chiqilgani aniqlangan.
Poytaxtda eng ko‘p chiqindi hosil qilgan muassasalar orasida 16-sonli klinik shifoxona (1795,40 m³), 3-sonli yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi (445,44 m³) va Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasi (382 m³) bor.
Shuningdek, Respublika bolalar ftiziatriya va tayanch-harakat tizimi kasalliklari reabilitatsiya markazi, Dermatovenerologiya va kosmetologiya markazining Toshkent shahri filiali, 1-sonli yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi, Ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Teri-tanosil kasalliklari shifoxonasida xizmatlar qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilmagan.
Qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha mas’ullarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, tibbiyot chiqindilarining 15 foizi xavfli bo‘lib, ularning noto‘g‘ri boshqarilishi kasalliklar tarqalishi, zaharlanish va atrof-muhit ifloslanishiga olib kelishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Prezidentning 2024-yil 17-iyuldagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida AQShning Sayar LLC kompaniyasi tomonidan Sayar Green xorijiy korxonasi tashkil etilgan va umumiy qiymati 115 million dollar bo‘lgan investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Biroq, xabarda ta’kidlanishicha, tibbiyot muassasalari xavfli chiqindilarni investorga yetkazmayotgani sababli bu mexanizm to‘liq ishlamayapti.

