Sport

“Talab”. “Paxtakor”dagi signal, professionalizm sari qadamlar haqida

**"Talab": "Paxtakor"dagi signal va professionalizm sari qadamlar haqida**

Biz OFK va PFL tomonidan belgilangan litsenziyalash talablari haqida doim eshitib kelganmiz. Bu talablar asosan shakl va sharoitlarga qaratilgan bo‘lib, maydon chimi, yoritish moslamalari, turli yoshdagi va ayollar jamoalarining mavjudligi, klub bazasidagi sharoitlar kabi jihatlarni o‘z ichiga oladi. Go‘yoki, bunday talablar futbolni rivojlantirishi kerakdek tuyuladi, ammo ular asosan sharoitlar haqida bo‘lib, xuddi qimmat xususiy maktabning chiroyli oshxonasi, hojatxonasi yoki sport zallarini namoyish etishga o‘xshaydi. Aslida klubning haqiqiy professionalligi bu sharoitlar bilan o‘lchanmaydi, sharoitlar faqat qancha pul sarflanayotganini ko‘rsatadi. Klubning professionalligi boshqa jihatlarda baholanishi, litsenziyalash shartlari boshqa yo‘nalishga urg‘u berishi kerak. Klub muxlislarga qanday innovatsiyalar taklif qiladi va chiptalardan qanday daromad oladi? Klubning marketing tizimi qay darajada, homiylar bilan qanday ishlaydi? Klubdagi maoshlar siyosati qanday yo‘lga qo‘yilgan? Klub xarajatlarining qancha qismi futbol daromadlari tomonidan qoplanadi?

Tabiiyki, bunday talablarni bajarish qiyinroq, hokimning puli bilan hal bo‘lib ketmaydi, ulkan mehnat talab qiladi. Qanday qilib so‘ralsinki, axir PFLning o‘zi shuncha yildan beri Superliga translyatsiyasi uchun pul topib, klublarga tarqatish o‘rniga, o‘zi klublardan badal olib tursa?

Xususiy klub deb hisoblab kelingan "Paxtakor"dan Jahongir Ortiqxo‘jayevning voz kechishi, ya’ni klubni moliyalashtirishni to‘xtatmoqchi ekanini ma’lum qilishi futbolimiz uchun jiddiy signal o‘laroq qabul qilinishi kerak. O‘sha doim takrorlanib kelinayotgan tezis to‘g‘ri – klublarning xususiylashtirilishi maksimum keyingi bosqichga qo‘yiladigan qadam bo‘lishi mumkin, ammo biz intiladigan so‘nggi bekat bo‘lmasligi kerak. Baribir asosiy maqsad futbol xo‘jaligining paydo bo‘lishi, futbol daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi mutanosiblikning mavjudligi bo‘lishi shart, boshqa yo‘l yo‘q. Ortiqxo‘jayev yoki "Turon" bilan bo‘lgani kabi, boshqa biznesdan keladigan daromadlarni futbolga yo‘naltirish doim vaqtincha bo‘ladi, zero nafaqat xuddi "Paxtakor" bilan bo‘lganidek o‘z ixtiyori bilan voz kechish, balki, o‘sha boshqa biznes inqirozga uchrashi, foydaning kamayib ketishi natijasida ham futbol moliyaviy oqimsiz qolib ketadi. Futbol klubining smetasi, xarajatlari aynan futbolga bog‘liq daromadlarga orientatsiya qilinmas ekan, daromad va xarajat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqlik bo‘lmas ekan, qaytaraman, futbolimiz rivojlanmaydi.

Albatta, bularning hammasi shunchaki, chiroyli gaplar xolos, haqiqatda futbol butun jamiyatdan ayro holda rivojlanishi mumkin emas, avvalo, aholining turmush tarzi o‘sishi, futbolni sotib oladigan, unga pul to‘laydigan qobiliyat paydo bo‘lishi kerakki, ana o‘shanda futbol mahsulot sifatida sotilsin – bu ham to‘g‘ri e’tiroz. Men ham aslida shu haqida yozyapman, futbol birov pul to‘laydigan mahsulot emas ekan, yoki xalqimiz futbolga pul to‘laydigan darajada emas ekan, uning xarajatlarini oshirishdan nima naf? "Paxtakor" iroqlik hujumchini bir manbaga ko‘ra oyiga bir milliard, boshqa manbalar aytishicha esa 300-400 million maosh bilan olib kelar ekan, tabiiy ravishda savol tug‘iladi – bu qanchalik asosli xarajat?

Bir oy oldin mana shunday fikrlarga e’tirozlar bo‘lgandi, axir "Paxtakor" xususiy klub, davlat byudjetiga tegilmayapti, shunday ekan, uning egasi o‘z klubi uchun istagancha sarflayvermaydimi? Endi klub boy homiysiz qoldi, iroqlik futbolchi bilan shartnoma shartlari endi qay yo‘sinda bajariladi, umuman endi moliyaviy qisilgan klub uchun bu legionerning shartnomasi ortiqchalik qilib qolmaydimi? Ha, Rivaldoning mini-versiyasini eslatmayaptimi bu holat?

Yo‘q, har abzasni savol bilan tugatmoqchi emasman, albatta. Xususiy bo‘ladimi, viloyatlardagi futbolga shinavanda hokimlarmi, farqi yo‘q, vaholanki, futboldan daromadlar ko‘p emas ekan, futbolga qilinadigan xarajatlarni chegaralash shart. Futbolga qancha pul sarflansa, shuncha rivojlanadi, degan fikrda hech qanday asos yo‘q. Aksincha, bu taqlid xarajatlar, futbolni yanada orqaga tortadi. Asossiz xarajatlar bilvosita boshqa klublarga ham ta’sir qiladi, ularning xususiylashtirilishini qimmatlashtiradi. Qimmatlashish natijasida futbol klublariga egalik qilish uchun talabgorlar doirasi kichrayib ketadi.

Agar biror korxonaning biznesi ancha daromadli bo‘lsa, ushbu korxonani sotib olish qimmat bo‘ladi. Aksincha daromad oz bo‘lsa, zararda bo‘lsa, uning narxini arzon qilib qo‘yishadi. Oddiy qoida. Xo‘sh, futbol klublarimizning turgan bitgani xarajat ekan, bu xarajatlarni battar shishirib, maoshlarni sun’iy, asoslanmagan tarzda ko‘paytirib, yanada qimmat qilib qo‘ymayapmizmi?

Albatta, ushbu islohotdagi ba’zi bahsli o‘rinlar, noto‘g‘ri tayming (mavsum boshlanib, shartnomalar tuzilganidan keyin chiqmasligi kerak edi), boshqa masala, yangicha muammolar paydo bo‘layotgani ham bor gap. Lekin O‘FA va PFL "mana sizlarga yangi shartlar, mana shu bo‘yicha yashaysizlar" deb chetdan qarab turgandek bo‘lmayaptimi? Qayerdadir bir klub inqiroz yoqasida, safarga pul topa olmayapti, qayerdadir homiy voz kechgan, boshqasi hokim deputatlarni yig‘ib yana byudjetdan, boshqasi tadbirkorlardan olib pul beryapti, yana birida futbolchilar oylab maosh olmagan. Ishonavering, gap "Bunyodkor" yoki "Paxtakor"da emas, har bir klub turli darajadagi muammolarga duch kelgan va turli darajada yechim topyapti. Bu yechimlar orasida biz orzu qilgan islohotlar sari qadam tashlayotganini topish qiyin ham. Axir mana shunday vaziyatda butun futbolimiz, klublardan tortib, funksionerlargacha bir joyda to‘planib, umumiy yechimlar va ko‘rsatmalar ishlab chiqishi kerak emasmi? Hozircha, men ko‘rmayapman.

Eng oddiy qadam, Superliga klublariga bo‘lgan talablardan boshlanishi lozim.

1) **Stadionlar va sport bazalari to‘liq mahalliy hokimiyatlar balansiga o‘tkazilishi kerak.** Byudjetdan har bir klubga teng miqdorda pul berganimiz bilan, ba’zi klublarning o‘z stadioni bor, boshqasi esa ijara asosida o‘ynaydi. Bizning sharoitda ham klubni, ham stadionni saqlab turish katta xarajatlarni talab qiladi. Bu xarajatlar to‘liq hokimiyatlarga, ya’ni byudjet qaramog‘iga o‘tkazilishi kerak. Klubni quvvatlash uchun esa hokimiyat arzonlashtirilgan, subsidiyali ijara taklif qiladi. Juda ko‘p Yevropa mamlakatlari, masalan, Norvegiya, Belgiya, Shotlandiya va boshqalarda davlat klublarga xuddi shunday shaklda moliyaviy yordam berib keladi.

Ko‘pchilik sportga, jumladan futbolga ham sog‘lom avlod yetishtirish, yoshlarni sportga jalb qilish ham davlat manfaatlariga kiradi deb hisoblab, Superligaga doim pul berish kerakligini aytadi. Ha, davlat sportga pul sarflashi kerak, hamma joyda bu bor. Ammo bu pullar Superliga klublariga emas, joylardagi sport infratuzilmasiga, akademiyalarga, bolalar futboliga, jumladan, turli ko‘rinishdagi futbol to‘garaklarini rag‘batlantirishga sarflashi maqsadga muvofiqdir.

Infratuzilma degan joyiga stadionlar ham kirib ketadi. Mahalliy hokimiyat shahardagi stadionni sifatli saqlash, ushbu stadionda bo‘lib o‘tadigan turli musobaqalar, agar o‘sha shaharda futbol klubi bo‘lsa, ushbu klub o‘yinlari uchun ham tayyorlash majburiyatini oladi. Bunga ham bilvosita davlatning klublarga beradigan moliyaviy ko‘magi sifatida qarash mumkin.

2) **Akademiyalar klublardan mustaqil bo‘lib, davlat ixtiyoriga o‘tishi kerak.** 35 milliard so‘m masalasi ko‘tarilganda, eng tushunarsiz va adolatsiz tuyulgan nuqta shu bo‘lgandi. Aytaylik, o‘z akademiyasiga ega bo‘lgan klublar uchun 35 milliard so‘m yetmaydi va moliyaviy muammolar paydo bo‘ladi. Klub ham jamoani, ham akademiyani ushlab turish uchun nafaqat o‘zi pul ishlab topish, balki davlat bergan pullar bilan ham yetkaza olmas ekan, klublarning o‘z akademiyasi bo‘lish ehtiyojini kechiktirishimiz kerak bo‘ladi. Akademiyalar xuddi ixtisoslashgan maktablar yoki universitetlar singari, qisman davlat tomonidan, qisman xo‘jalik yo‘li bilan moliyalashtiriladi. Klublar akademiyalar bilan turli ko‘rinishdagi shartnomalar tuzishi, ba’zi futbolchilarni o‘z qaramog‘iga olishi, umuman har xil yo‘nalishlarda hamkorlik qilishi mumkin. Qashqadaryodagi Akademiya faqat "Nasaf"ga, Toshkentdagisi "Paxtakor"ga xizmat qilishi shart emas, klublar raqobat ko‘rinishida akademiyalar bilan munosabat qurishlari mumkin.

3) **U-19, ayollar jamoasi tuzish kabi majburiyatlar bo‘lmasligi kerak.** Biz klublarimizni yanada "professionalroq" ko‘rsatamiz deb uning xarajatlarini oshirib yuborganmiz. Superligada qatnashuvchi klubning asosiy xarajati aynan mazkur musobaqada qatnashishga yo‘naltirilgan xarajatlar (maoshlar, safarlar, oziq-ovqat) bilan chegaralanishi kerak. Yoshlar jamoasini tashkil qilish esa ixtiyoriy, tabiiy ravishda paydo bo‘ladigan ehtiyojga aylanishi lozim. Qaysidir klub o‘z yoshlar jamoasini, farm-klubini tuzib, quyi ligalarda ishtirok etishini ta’minlab, o‘sha yerda yoshlarga o‘yin amaliyoti berib rivojlanishni ko‘zlasa, bemalol. Lekin tarkibni har yili ko‘chib yuradigan futbolchilar bilan to‘ldirib, "galochka" uchun turli yoshdagi jamoalarni ushlab turishidan hech qanday mantiq yo‘q.

Davlat, O‘FA yoki Sport vazirligi hududlarda ishlaydigan mustaqil akademiyalar, shuningdek, har xil kichik sport to‘garaklari jamoalari o‘rtasida turli yosh toifalaridagi liga va turnirlar tashkil qilishi mumkin. Aynan mana shunday turnirlarda turli yoshdagi terma jamoalar uchun nomzodlar paydo bo‘ladi, klublar o‘z skautlari orqali mana shunday turnirlardan yangi futbolchi izlashi mumkin.

4) **Superliga uchun "Futbol" kanalini bog‘lab, alohida pul to‘lanadigan obuna joriy qilish.** Superligamiz o‘yinlari xuddi Setanta TV singari, turli platformalarda alohida obuna to‘lovi orqali namoyish qilinishi kerak. Tekin kanallarda va youtube’da o‘yinlarni tumshug‘imiz oldiga olib kelish bilan qiziqish ortib ketmaydi, kichik bo‘lsa ham qadamlar kerak. Ha, ba’zi markaziy o‘yinlar tekin kanallarda berilishi mumkin, ha boshlanishiga juda arzimas summa bo‘lar, ammo bir necha yildan beri yo‘lga qo‘yilmayotgan muammo hal qilish yo‘liga o‘tishi kerak – klublar tiyin bo‘lsa-da translyatsiyalardan daromad qilsin. Agar bir muxlis hech bo‘lmasa o‘z jamoasining oyiga ikki safar o‘yinini ko‘rish uchun 50 ming so‘m obuna to‘lamas ekan, yana o‘sha paradoks yuzaga keladi, bunday mahsulotga nega katta summalar sarflayapmiz?

5) **Maoshlar limitini nazorat qilish.** Klublarda futbolchilarga to‘laydigan maosh adekvat chegaralar asosida nazorat qilinishi maqsadga muvofiq. Byudjet pullari bilan bir-biri bilan musobaqaga kirishadigan hokimlar imkon qadar futboldan uzoqlashtirilishi kelajakda mazkur klublarning inqiroz yoqasiga kelib qolishidan saqlaydi. Albatta, bu holat bir qator sifatli legionerlar, shuningdek, yaxshi mahalliy futbolchilarning futbolimizdan ketishiga olib kelar va bu o‘yinlar sifatining tushishiga ham sabab bo‘lar, balki, ammo sog‘lom futbol muhiti qurar ekanmiz, doim aytib kelganimizdek, daromadlarga bog‘liq xarajatlar bo‘lishi shart. Ana shundagina chinakam futbol mahsuloti yaratadigan futbol menejmenti yuzaga keladi, ishonavering. Keyin rahmat deysizlar.

O‘z vaqtida "Tottenhem"da ham muvaffaqiyatli to‘p surgan futbolchi ingliz klubi uni bir necha yil taklif qilganini aytdi. Ammo boshida Pavlyuchenko Angliyaga borishni istamagan ekan. Moskvada olayotgan maoshim ko‘proq edi, muxlislar meni yaxshi ko‘radi, gollar urib turibman, o‘zimni qiyinchilik va sinovga tashlashimdan foyda bormi, deb o‘ylagan ekan u. Ammo oqibatda "Tottenhem"ga bordi, hozirda butun dunyo uni aynan ushbu klubda o‘ynagan davri, urgan gollari bilan eslaydi. Futbolchining o‘zi ham "Spartak" yo "Lokomotiv"dagi davri emas, aynan Angliyadagi o‘yinlari bilan faxrlansa kerak. Sportchi uchun barcha tan olgan sifat belgisi ostida o‘zini ko‘rsatish boshqacha tuyg‘u.

Superligada pul kamayishi go‘yoki, bizda yangi Husanovlar, Shomurodovlar chiqishidan to‘sadi, deyishadi ba’zilar. Aksincha, balki, adekvat maoshlar yoshlarimizga o‘z kelajagini rostan ham kuchliroq, sinalgan chempionatlarda ko‘rish orzusini yanada qat’iylashtirar? Superliga ular uchun yaxshi yashab ketish uchun maqsad emas, haqiqiy manzil uchun bir bekatga aylanar?

Bizdagi asosiy muammo, tabiiylikdan qo‘rqishimiz bo‘lsa kerak. Chunki tabiiy jarayonlar bizni qayerga olib borishi mumkinligini bilmaymiz va qo‘rqamiz.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.