Sport

Emilian Karas Chempionlar Ligasida “Paxtakor” bosh murabbiyi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi

Emilian Karas Chempionlar Ligasida "Paxtakor"ning bosh murabbiyi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (OFK) klublar musobaqalari bo‘yicha litsenziyalash talablariga muvofiq, zaruriy litsenziyaga ega bo‘lgan Emilian Karas OChL doirasidagi rasmiy tadbirlarda "Paxtakor" bosh murabbiyi sifatida ishtirok etadi. U o‘yin qaydnomalari, matbuot anjumanlari va Chempionlar Ligasi doirasidagi barcha rasmiy uchrashuv va muloqotlarda toshkentliklar bosh murabbiyi sifatida qatnashadi.

Ma’lumot uchun, Karas murabbiylik faoliyatini 2000-yilda boshlagan. Dastlab Moldovaning "Dachiya" klubida o‘ynovchi murabbiy va yordamchi murabbiy bo‘lib ishlagan, 2004—2008-yillarda esa jamoa bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan. Uning boshchiligida "Dachiya" Moldova chempionatining kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan, shuningdek, mamlakat kubogi finaligacha yetib borgan. 2006-yilda Karas Moldovada "Yil murabbiyi" deb e’tirof etilgan.

Keyinchalik u "Tiraspol" hamda "Olimpiya" (Belsi) jamoalarida ishladi. 2009-yil avgustidan Vladikavkazning "Alaniya" klubida Mircha Rednik shtabida yordamchi va tarjimon sifatida faoliyat olib bordi. 2010-yildan e’tiboran taniqli mutaxassis Dan Petreskuning murabbiylar shtabiga qo‘shilib, "Kuban", Qatarning "Al-Arabi" hamda Xitoyning "Szyansu Saynti" klublarida assistent sifatida ish olib borgan. Tajribali mutaxassis 2026-yil yanvaridan Toshkentning "Paxtakor" klubida faoliyat olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, "Paxtakor" Osiyo Chempionlar Ligasi (OChL) saralash bosqichida Iordaniyaning "Al-Husayn" jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Mazkur uchrashuv joriy yilning 11-avgust kuni Toshkentdagi "Paxtakor" stadionida o‘tkaziladi.