Tailandda mamlakatdan samolyotda chiqib ketish uchun yigʻim joriy etish taklif qilindi

Tailandda mamlakatdan samolyotda chiqib ketish uchun yigʻim joriy etish taklif qilindi
Tailand rasmiylari mamlakatdan chiqib ketish uchun maxsus yigʻim joriy etish imkoniyatini oʻrganmoqda. Qirollik Moliya vazirligi tegishli tashabbusni jamoatchilik muhokamasiga qoʻydi, deb yozadi The Nation.
Qonun loyihasiga koʻra, mamlakatni havo transporti orqali tark etayotgan barcha yoʻlovchilardan 1 ming bat (taxminan 30 dollar) miqdorida yigʻim undirish rejalashtirilmoqda. Uni parvozdan oldin toʻlash kerak boʻladi, bunda aviakompaniyalar va turistik agentliklar ushbu summani aviachiptalar narxiga avtomatik ravishda kiritishi kutilmoqda. Yigʻimning maksimal miqdori 5 ming batni tashkil etishi mumkin, biroq tarifni tabaqalashtirish mezonlariga hozircha aniqlik kiritilmagan. Tailanddan quruqlik yoki dengiz yoʻli orqali chiqib ketayotganlar uchun toʻlov koʻzda tutilmagan.
Avvalroq, 2026 yil 15 sentyabrdan boshlab, Tailand rasmiylari chet el fuqarolari uchun vizasiz boʻlish muddatini 60 kundan 30 kungacha qisqartirgan edi. Turizm sohasi ekspertlarining baholashicha, bu sayyohlar oqimiga deyarli taʼsir qilmadi, chunki dam oluvchilarning aksariyati 8 kundan 15 kungacha boʻlgan muddatga kelishadi.
Shuningdek, 2026 yil 15 sentyabrdan boshlab Oʻzbekiston fuqarolariga Tailandga sayohat qilish uchun oldindan rasmiylashtirilgan viza talab etilishi xabar qilingandi. Ilgari oʻzbekistonliklar mamlakatda 60 kungacha vizasiz qolishlari mumkin edi. Bunday qaror Tailand hukumati tomonidan qabul qilingan boʻlib, u milliy xavfsizlikni mustahkamlash va sayyohlar oqimini yaxshiroq boshqarish zarurati bilan izohlangan.
Shu bilan birga, viza olish jarayonining oʻzi u qadar oddiy emasligi maʼlum boʻldi. Ariza Thai e-Visa tizimi orqali onlayn tarzda topshiriladi, biroq u Moskvadagi Tailand elchixonasi tomonidan koʻrib chiqiladi, ushbu elchixona jumladan Oʻzbekistondan boʻlgan arizachilarga ham xizmat koʻrsatadi. Bunda konsullik yigʻimini bevosita saytda toʻlab boʻlmaydi.
Sayyohlik vizasini rasmiylashtirish uchun xorijga chiqish pasporti, fotosurat, aviachiptalar va turar joy band qilinganini tasdiqlovchi hujjat, shuningdek, bank koʻchirmasi talab qilinadi. Arizani sayohatdan kamida 90 kun oldin topshirish mumkin. Konsullik tomonidan koʻrsatilgan koʻrib chiqish muddati bir necha ish kunini tashkil etadi, biroq ayrim hollarda bu koʻproq vaqt talab qilishi mumkin.
Shuningdek, toʻlovni amalga oshirish uchun Moskvaga shaxsan borish shart emasligi xabar qilingan: elchixonaga pullarni arizachining vakili kiritishi mumkin. Toshkentda ham vositachiga murojaat qilish imkoniyati koʻzda tutilgan. Biroq, Oʻzbekistondan turib yigʻimni mustaqil ravishda toʻlash imkonini beruvchi yagona mexanizm hozircha mavjud emas.

