Sayyohlarga ham tegishli: Tailandda mamlakatdan chiqish soligʻi joriy etilishi mumkin
Tailandda mamlakat hududidan samolyotda chiqib ketuvchi fuqarolar, shu jumladan xorijliklar uchun ham soliq joriy etish masalasi koʻrib chiqilmoqda. Mahalliy matbuotga koʻra, yangi soliq aviachipta xarid qilinayotgan paytda aviakompaniyalar tomonidan yoki chipta sotuvchi agent tomonidan undirilishi mumkin. Qonun loyihasi boʻyicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.

Sayyohlarga ham taalluqli: Tailandda mamlakatdan chiqish soligʻi joriy etilishi mumkin
Tailand Moliya vazirligi mamlakatni tark etayotgan yoʻlovchilar, jumladan xorijliklar uchun ham yangi soliq joriy etish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda.
Qonun loyihasiga muvofiq, yangi soliq avvaliga 1000 bat etib belgilanadi. Bu amaldagi kurs boʻyicha taxminan 30 AQSH dollariga teng. Keyinchalik soliq miqdori 5000 batgacha oshirilishi mumkin.
Soliq Tailanddan samolyot orqali chiqib ketayotgan barcha yoʻlovchilardan, xususan xorijiy sayyohlardan ham olinishi rejalashtirilgan. Quruqlik yoki dengiz orqali chiqib ketuvchilar dastlabki bosqichda soliqqa tortilmaydi.
Qonun loyihasida ayrim toifadagi shaxslar uchun imtiyozlar ham nazarda tutilgan. Xususan, Tailand qirollik oilasi aʼzolari va ularning hamrohlari, mamlakat buddistlar sangxasining oliy patriarxi, xorijiy davlatlar rahbarlari, rasmiy hukumat mehmonlari hamda 2 yoshga toʻlmagan bolalar soliqdan ozod qilinadi.
Shuningdek, maxsus tranzit hududidan chiqmaydigan xalqaro tranzit reyslari yoʻlovchilari, samolyot ekipaji aʼzolari va boshqa transport xodimlaridan ham Tailanddan chiqish soligʻi undirilmaydi.
Soliq jismoniy shaxslardan ular Tailanddan chiqib ketishidan oldin undirilishi koʻzda tutilmoqda. The Nation maʼlumotiga koʻra, odatda bu toʻlov aviachipta xarid qilinayotganda aviakompaniya yoki chipta sotuvchi agent tomonidan olinishi mumkin.
Soliqni toʻlamaganlik uchun uning miqdoridan ikki baravar koʻp jarima belgilanishi rejalashtirilgan.
Qonun loyihasi hozircha koʻrib chiqilmoqda — yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Eslatib oʻtamiz, Tailand hukumati dunyoning 93 mamlakati, jumladan, Oʻzbekiston fuqarolari uchun ham amalda boʻlgan 60 kunlik vizasiz rejimni 2026-yil 15-sentabrdan bekor qilgan.

