Taʼlim va fan vazirligi tashkil etildi
Prezidentning 2026 yil 3 oktyabrdagi PF-213-sonli Farmoni bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi birlashtirilishi nazarda tutilgan. Yangi idora taʼlim va fanning barcha asosiy yoʻnalishlarida yagona davlat siyosati uchun masʼul boʻladi.

Taʼlim va fan vazirligi tashkil etildi
Prezident 03.10.2026 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasi Taʼlim va fan vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida»gi PF-213-son Farmonni imzoladi.
Yangi vazirlik taʼlim sohasida yagona davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi etib belgilandi. Uning tasarrufiga maktabgacha taʼlim va tarbiya, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim, shuningdek, oliy taʼlimdan keyingi tayyorgarlik oʻtkaziladi.
Taʼlim va fan vazirligi, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, qoʻshimcha va norasmiy taʼlim masalalarini ham tartibga soladi.
Yangi idora tashkil etilishining vazifalaridan biri uzluksiz taʼlimning yagona tizimini shakllantirish va uning bosqichlari oʻrtasida yanada jipsroq oʻzaro bogʻliqlikni taʼminlashdan iborat. Xususan, maktab taʼlimining professional va oliy taʼlim bilan, oliy taʼlimning esa ilmiy faoliyat bilan integratsiyasini kuchaytirish koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, vazirlik qayta tashkil etilgan ikkita idoraning huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan xalqaro bitimlari boʻyicha huquqiy vorisi boʻladi.
Vazirlar Mahkamasiga bir hafta muddatda Taʼlim va fan vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi Prezident qarori loyihasini taqdim etish topshirildi. Hujjatda yangi idoraning asosiy vazifalari, uning tashkiliy tuzilmasi hamda natijadorlik va samaradorlikka yoʻnaltirilgan boshqaruv tamoyillari belgilanishi lozim.
Ikki oy muddatda Taʼlim va fan vazirligi manfaatdor davlat organlari bilan birgalikda qonunchilikka tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflarni tayyorlashi kerak.
Yagona idoraning tashkil etilishi taʼlim va fan tizimini yanada muvofiqlashtirilgan holda boshqarishni taʼminlash, inson kapitalini rivojlantirish hamda taʼlim tizimining jamiyat oldidagi ochiqligi va hisobdorligini oshirishga xizmat qiladi.
Hujjat Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 05.10.2026 yildan kuchga kirdi.

