Sherzod Asadov ta’lim sohasidagi yangilanishlarning asosiy mazmunini tushuntirdi
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ta’lim tizimidagi so‘nggi o‘zgarishlar yuzasidan izoh berdi.

Sherzod Asadov ta’lim sohasidagi yangilanishlarning asosiy mazmunini tushuntirdi
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ta’lim tizimidagi so‘nggi o‘zgarishlar haqida izoh berdi.
Uning aytishicha, ikki vazirlikni birlashtirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — ta’limning barcha bosqichlarini yagona tizimda boshqarish va sifatni alohida nazorat qilishdir.
Yangi Ta’lim va ilm-fan vazirligi bog‘cha, maktab, professional va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish, ularning operatsion jarayonlari, ta’lim talablari, litsenziyalash va akkreditatsiya uchun javobgar bo‘ladi.
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi esa o‘quv dasturlari, qo‘llanmalar va metodik materiallarni ishlab chiqish, ularni amaliyotga joriy etish hamda natijalarini tahlil qilish bilan shug‘ullanadi. Bu jarayon «O‘zbek maktabi bitiruvchisining portreti» asosida yo‘lga qo‘yiladi. Prezidentning 28 sentyabrdagi taqdimotida ham yangi maktab bitiruvchisi modelida zamonaviy ko‘nikmalar, mustaqil fikrlash va qaror qabul qilish qobiliyatiga alohida urg‘u berilgan edi.
Prezident Administratsiyasi va uning huzuridagi maxsus ishchi guruh yangi vazirlik tuzilmasi, ish jarayonlari hamda islohotning umumiy strategiyasini ishlab chiqadi.
Oliy ta’lim sohasida esa davlat aralashuvini kamaytirish, oliygohlar mustaqilligini kengaytirish, nodavlat sektor uchun imkoniyatlarni oshirish va sifatni raqobat hamda bozor talabi orqali shakllantirish rejalashtirilgan.

