Suriyada yonilg‘i narxi oshgani sabab namoyishlar bo‘lib o‘tdi

**Suriyada yonilg‘i qimmatlashgani ortidan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi**
Suriyada yonilg‘i narxining oshishi o‘tgan dam olish kunlari butun mamlakat bo‘ylab keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi. Bu ikki yil avval Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan beri mamlakatdagi eng yirik ommaviy namoyishga aylandi.
Suriya hukumati 12-sentyabr kuni dizel yonilg‘isi narxini 40 foizga oshirib, bir litrini 175 Suriya funtiga (1,32 dollar) yetkazdi. Shundan keyin aholi ko‘chaga chiqib, avtomobil shinalarini yoqdi va poytaxt Damashqni sanoat markazi Halab bilan bog‘laydigan magistral yo‘lni to‘sib qo‘ydi.
Narxlarning ko‘tarilishi allaqachon uzoq yillardan beri iqtisodiy inqiroz ichida yashayotgan suriyaliklar ahvolini yanada og‘irlashtirdi. BMTning Taraqqiyot dasturi hisob-kitoblariga ko‘ra, Suriya aholisining 90 foizi qashshoqlik chegarasidan pastda yashaydi. 2011-yilda fuqarolar urushi boshlanishidan oldin bu ko‘rsatkich taxminan uchdan bir qism edi.
Bu safargi qimmatlashuv urush boshlanganidan beri eng keskinlaridan biri bo‘ldi. Hukumat maishiy va sanoat gazi narxini ham taxminan 9 foizga oshirdi. AI-95 benzini 28 foizga qimmatlab, 195 funtga chiqdi. AI-90 benzini esa 26 foizga oshib, 185 funtni tashkil etdi.
Namoyishchilar Suriya markazidagi neftni qayta ishlash zavodlariga yo‘l olgan xom neft tankerlari karvonlarini ham to‘sib qo‘ydi. Ayrimlar energetika va iqtisodiyot vazirlari hamda Suriya milliy neft kompaniyasi rahbarining iste’fosini talab qildi.
“Bizga maosh oshishi kerak emas. Yagona istagimiz — dizel va boshqa yonilg‘ilar narxi arzonlashsin”, dedi Halabda yashovchi Yosir Salim Reuters agentligiga.
Halabdagi namoyishda qatnashgan yana bir fuqaro Bassam al-Ali bevosita prezident Ahmad ash-Shara’aga murojaat qilib, vaziyatga chidab bo‘lmasligini aytdi.
“Chegara punktlari millionlab dollar daromad keltirmoqda. Bizga yangi chorrahalar yoki savdo markazlari kerak emas. Biz shunchaki yashashni xohlaymiz”, dedi u.
**Rossiya ta’minoti bosim ostida**
Energetika vazirligi matbuot kotibi Abdulhamid Salat 13-sentyabr kuni bayonot berib, narxlarning oshishi vaqtinchalik chora ekanini va bu xalqaro bozordagi xarajatlar hamda Suriyaning importga qaramligi bilan bog‘liqligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat o‘zgarishiga qarab narxlar yana ko‘rib chiqilishi mumkin.
Suriya Rossiya xom neftiga kuchli darajada bog‘langan. Mamlakat 2026-yilda kuniga taxminan 60 ming barrel neft import qilmoqda. Shunga qaramay, Damashq Vashingtonga bu xaridlarni keskin kamaytirishga tayyorligini bildirgan.
Biroq Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlari ishlab chiqarishni qisqartirdi. Natijada Moskva benzin va dizel eksportini cheklashga majbur bo‘ldi va bu ta’minotga bosim o‘tkazdi.
Salatning aytishicha, narxlar faqat xom neft tannarxini aks ettirmaydi. Tayyor mahsulotlar tanqisligi, shuningdek, qayta ishlash, transport va ta’minot xarajatlarining oshishi ham ta’sir ko‘rsatgan. Mamlakatdagi eng yirik Baniyas neftni qayta ishlash zavodining birinchi to‘liq profilaktika ishlari uchun uch oyga yopilishi ham yonilg‘i tanqisligini kuchaytirdi.
Shu sabab AI-95 benzini fevral oyidan beri taxminan 86 foizga qimmatlashdi, dizel narxi esa ikki baravardan ko‘proqqa oshdi. Brent markali neft narxi bir barreli uchun 72,48 dollardan 104,61 dollargacha, ya’ni taxminan 44 foizga ko‘tarildi.
44 yoshli taksi haydovchisi Imod Abu Ras yo‘lovchilar yo‘l haqining oshishiga e’tiroz bildira boshlaganini aytdi.
“Endi yonilg‘i ortidan sabzavotlar va qolgan barcha narsalar narxi oshadi. Yechim nimada? O‘g‘rilik qilishmi? Biz o‘g‘rilik qilolmaymiz”, deb qo‘shimcha qildi u.

