Suriya Bashar Asad davridan qolgan kimyoviy qurollarni yo‘q qilishni boshladi

Suriya Bashar Asad davridan qolgan kimyoviy qurollarni yo‘q qilish ishlarini boshladi
Suriya may oyida aniqlangan Bashar Asad davriga oid maxfiy kimyoviy qurol dasturi qoldiqlarini yo‘q qilishni boshladi. Bu haqda 3-sentyabr kuni BMT vakili ma’lum qildi. Mamlakatda so‘nggi o‘n yil ichida ilk bor bunday qurollar yo‘q qilinmoqda.
May oyida Reuters agentligi Suriyaning prezident Ahmad ash-Sharaa boshchiligidagi yangi rahbariyati Bashar Asadning kimyoviy qurol dasturi qoldiqlarini topgani haqida xabar bergan edi. Topilgan buyumlar orasida xomashyo va fuqarolar urushi vaqtida ishlatilgan qurollarga o‘xshash o‘q-dorilar ham bor edi.
BMTning Qurolsizlanish masalalari bo‘yicha oliy vakili Izumi Nakamitsu 3-sentyabr kuni Xavfsizlik Kengashidagi brifingda shu haqda gapirdi. Uning aytishicha, Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti 2014-yildan beri birinchi marta Suriyada kimyoviy o‘q-dorilar yo‘q qilinganini tasdiqlagan.
Nakamitsuning so‘zlariga ko‘ra, may oyidagi topilmadan so‘ng Suriya yana bitta kimyoviy qurol ishlab chiqaruvchi inshootni, asab tizimiga ta’sir etuvchi moddalar tayyorlashda ishlatiladigan yangi kimyoviy moddani va bo‘sh kimyoviy o‘q-dorilarni topgan. Shuningdek, ushbu obyektlar saqlangan ikkita kimyoviy qurol ombori ham ro‘yxatga olingan.
Avgust oyida “Kimyoviy qurollarni taqiqlash” tashkiloti mutaxassislari uchinchi toifadagi kimyoviy qurollar yo‘q qilinganini tekshirish uchun Suriyaga borgan edi. Bu toifaga zaharli modda to‘ldirilmagan o‘q-dorilar va boshqa uskunalar kiradi. Nakamitsuning bildirishicha, guruh 42 ta aviabomba qayta tiklab bo‘lmaydigan darajada yo‘q qilinganini tasdiqlagan.
Suriyaning BMTdagi elchisi Ibrohim Olabi Kengashdagi chiqishida Suriya bu ishlar orqali mintaqani va dunyoni xavfdan hamda tahdiddan qutqarayotganini aytdi. Shu bilan birga, u Isroilni keskin tanqid qildi. Elchining ta’kidlashicha, Isroilning ketma-ket hujumlari qidiruv va yo‘q qilish ishlariga to‘sqinlik qilgan hamda suriyalik mutaxassislar hayotini xavf ostiga qo‘ygan.
“Isroil hujumlari xavf solayotgan bir paytda mintaqa xavfsizligini ta’minlay olmaymiz. Ular mintaqa xavfsizligini mensimayapti hamda xalqaro konvensiya va shartnomalarni buzmoqda”, dedi Olabi.
Isroil harbiylari bu bayonotga darhol munosabat bildirmadi. Olabi, shuningdek, Suriya kimyoviy qurol dasturiga aloqadorlikda gumon qilingan shaxslar bo‘yicha birinchi sud majlisiga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi.
2026-yil boshida Suriya rasmiylari Asadning kimyoviy qurol dasturiga aloqadorlikda gumon qilingan 18 kishini hibsga olgan edi. Ular orasida yuqori lavozimli harbiy, siyosiy va texnik mutaxassislar bor.
Qaror chiqarilishi bilan darhol kuchga kirgan va mamlakatga nisbatan barcha cheklovlar bekor qilingan. Endilikda xalqaro moliya va bank tizimi Suriya bilan hamkorlikni tiklashi mumkin. Damashq bu bilan mamlakatga sarmoya kiritish yo‘lidagi oxirgi katta to‘siq olib tashlanganini bildirdi.

