Suriya-Saudiya mudofaa bitimi va Isroilda yangi hukumat uçun kuraş – kun dayjesti
Ötgan kun davomida jahonda röy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar şarhi bilan kundalik xabarnomada taniştiramiz.

Suriya-Saudiya mudofaa bitimi va Isroilda yangi hukumat uchun kurash – kun dayjesti
AQShda oraliq saylovlardagi mag‘lubiyatdan so‘ng respublikachilar orasida Eron urushi bo‘yicha kelishmovchiliklar yuzaga chiqa boshladi. 4-noyabr kuni vitse-prezident J.D. Vens prezident Donald Trampning Eronga qarshi urushidan ochiq uzoqlashdi.
3-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda demokratlar Kongressning ikkala palatasi, ya’ni Senat va Vakillar palatasi ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi.
2028-yilgi prezidentlik saylovlarida asosiy da’vogarlardan biri hisoblangan Vens esa urushning bahosi o‘zini oqlaganiga shubha bildirdi. U mag‘lubiyat uchun aynan urushni aybladi. «Yutqazishimizning sababi – urush. Agar bu urush arziganini, Senatni kelgusi 6 yilga boy berish arziganini da’vo qilmoqchi bo‘lsangiz, qilavering», deb yozdi Vens.
Tramp esa jurnalistlarga Vensning gaplarini yaxshi deb bilishini va uning fikrini tushunishini aytdi. Biroq Oq uy rahbari urushni oqlab, u Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishining oldini olganini ta’kidladi. Trampning fikricha, urush mag‘lubiyatning bir necha sababidan biri xolos.
Vensning bayonoti Tramp Eronga qarshi yirik harbiy amaliyotlarni qayta boshlashni o‘ylayotgan paytga to‘g‘ri keldi. O‘tgan haftada AQSh Markaziy qo‘mondonligi prezidentga shu bo‘yicha variantlarni taqdim etgan. Manbalardan biri Tramp saylovlar tufayli hujumni kechiktirganini va endi Eronni bombalashni rejalashtirayotganini aytgan. Biroq AQSh razvedkasi baholariga ko‘ra, yangi zarbalar Tehronning muzokaralardagi pozitsiyasini tubdan o‘zgartirmaydi va rejim almashishiga olib kelmaydi.
4-noyabr kuni Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon ishtirokida Ar-Riyodda bir qator kelishuvlar imzolandi.
Bu Ash-Shar’aning bir oy kamroq vaqt ichida Ar-Riyodga ikkinchi tashrifidir. Suriya TIV ikki davlat mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi bitimni kelishuvlarning eng muhimi deb atadi, biroq uning shartlarini oshkor qilmadi.
Bir necha kun oldin Suriya tashqi ishlar vaziri mamlakat Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston o‘rtasidagi o‘zaro mudofaa pakti – Makka paktiga qo‘shilishni ko‘rib chiqayotganini aytgandi.
Tashrif davomida Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi Suriyaga yengil shartlarda 403 million dollar qarz ajratishga kelishdi. Saudiyaning rasmiy SPA agentligiga ko‘ra, mablag‘lar sog‘liqni saqlash, uy-joy, fuqaro muhofazasi, energetika va ichimlik suvi tizimlarini tiklashga yo‘naltiriladi.

