“Urush qurollari va geografiyasini o‘zgartiramiz”. Eron AQSHni ogohlantirdi

“Urush qurollari va geografiyasini o‘zgartiramiz”. Eron AQSHni ogohlantirdi
Eron AQSH tomonidan yana bir hujum uyushtirilsa, “yangi imkoniyatlarga ega yangi qurollar” ishga solinishi haqida ogohlantirdi. Bu bayonot Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp o‘tgan dam olish kunlari Tehronga nisbatan ritorikani keskinlashtirgach bildirildi.
“Agar yangi tajovuz sodir bo‘lsa, biz shubhasiz qurollarni hamda urush geografiyasini o‘zgartiramiz”, dedi 21-sentyabr kuni Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi vakili Husayn Muhibbiy Fars axborot agentligiga bergan intervyusida.
Muhibbiy bu yangi qurollar aynan nimalardan iboratligi va qaysi yangi hududlarga zarba berilishi mumkinligiga izoh bermadi.
Shu bilan birga, Tramp urushni qanday davom ettirish borasida hali yakuniy qarorga kelmaganini aytdi. AQSH prezidenti ham Eronga tahdid qilib, urushni tugatish bo‘yicha variantlari orasida mamlakatni yo‘q qilib tashlash, ularni iqtisodiy jihatdan holdan toydirish yoki kelishuv tuzish borligini ma’lum qildi.
“Butun bir millatni yo‘q qilib yuborishim mumkin. Ular o‘zlarini yaxshi tutganlari ma’qul”, deb ogohlantirdi Tramp.
Tramp avvalroq BMT Bosh Assambleyasi doirasida Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan uchrashishga katta ehtimol bilan tayyor ekanini aytgan edi. Uchrashuv o‘tkazish ehtimoli Eron bilan deyarli yetti oydan beri davom etayotgan urushni hal etishga oz bo‘lsa-da umid uyg‘otdi.
Ayni paytda Tramp Fox News telekanaliga Vashington Yaman husiylari bilan doimiy aloqada ekanini va guruh AQSH bilan urushmaslikka rozi bo‘lganini aytdi.
“Husiylar bizga qo‘ng‘iroq qildi va ular biz bilan urushishni xohlamaydi. Ular bizning aralashmasligimizni ma’qul ko‘radi va kema qatnoviga to‘sqinlik qilmayapti”, degandi u sentyabr oyi boshida.
Shunga qaramay, 19-sentyabr kuni vaziyat keskinlashdi. Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar Saudiya poytaxti Ar Riyoddagi muhim obyektlarga hamda Yanbu portidagi Aramco neft inshootiga ballistik raketalar va dronlar orqali hujum qildi.
The New York Times nashrining 21-sentyabr kuni xabar berishicha, AQSH prezidenti 20-sentyabr kuni husiylarga qarshi Saudiya Arabistoni bilan birgalikda zarba berish imkoniyatini ko‘rib chiqqan, biroq oxir-oqibat bundan voz kechgan.
Yaqin Sharqdagi urush oqibatida Eron strategik ahamiyatga ega Hormuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘ygan. Uning Yamandagi ittifoqchilari — husiylar esa Saudiyadagi muhim neft quvurini portlatdi va Bob al-Mandab bo‘g‘oziga tahdid solmoqda. Yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz AQSH va jahon iqtisodiyotiga zarba berib, neft va dizel narxining oshishiga hamda inflatsiyaga sabab bo‘ldi.
AQSH prezidenti avvalroq Eron urushi noyabr oyidagi oraliq saylovlarga qadar tugamasligini aytgan edi. U neft narxi ham o‘sha vaqtgacha tushmasligini ta’kidlagan. Shuningdek, kuni kecha Eron AQSHga Qatar orqali urushni tugatish shartlarini ma’lum qildi. 21-sentyabr kuni AQSH va Eron o‘rtasida muzokaralar qayta boshlanishi umidi kuchaygani sababli neft narxi so‘nggi bir haftadan ortiq vaqt ichidagi eng past darajaga tushdi.

