«Sud materiallarni Fargʻona shahar prokuroriga yubordi» — bogʻchada bolani tok urishi ishi boʻyicha aybdorlar soni koʻpayishi mumkin
Fargʻona shahridagi davlat bogʻchasida 6 yoshli bola tok urishi natijasida ogʻir tan jarohati oldi. Birinchi sud majlisida bogʻcha tarbiyachisi, qurilish tashkiloti vakili va tuman elektr tarmoqlari korxonasi mutaxassisi aybdor deb topildi.

«Sud materiallarni Fargʻona shahar prokuroriga yubordi» — bogʻchada bolani tok urishi ishi boʻyicha aybdorlar soni koʻpayishi mumkin
Apellyatsiya sudi boshqa masʼul shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatish masalasini hal qilish uchun Fargʻona shahar prokuroriga ajrim yuborgani maʼlum boʻldi.
Fargʻonada davlat bogʻchasida 6 yoshli bolani tok urgani holati boʻyicha boshqa masʼul shaxslar ham sudga tortilishi mumkin.
Xabar qilinishicha, jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona shahar sudining hukmi bilan bogʻcha tarbiyachisi, «Faxr» MCHJ ish yurituvchisi va Fargʻona tuman elektr taʼminoti korxonasi elektromontyori Jinoyat kodeksining 116-moddasi 1-qismi (Oʻz kasb vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan aybdor deb topilib, ularga tegishli jazolar tayinlangan.
Shuningdek, sud hukmiga koʻra, sudlanuvchilardan bolaning otasi foydasiga maʼnaviy zarar sifatida 45 mln soʻm undirish belgilangan.
Bundan tashqari, apellyatsiya sudi bogʻcha mudirasi, «Faxr» MCHJ rahbari va tuman elektr taʼminoti korxonasi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatish masalasini hal qilish uchun Fargʻona shahar prokuroriga ajrim chiqargan.
Hozirda bolaning otasi Fargʻona viloyat sudiga nazorat tartibida shikoyat arizasi kiritgan boʻlib, sud jarayonida jazo va zarar miqdori qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Kun.uz Fargʻona shahrida joylashgan 66-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida 6 yoshli bola yer ostidagi, atrofi oʻralmagan yuqori kuchlanishli transformator punktiga tushib ketib, ogʻir tan jarohati olgani yuzasidan olib borilayotgan tergov haqida xabar bergan edi. Bolaning otasi Kun.uz’ga qayta murojaat qilib, oʻgʻlining tanasida kuyish asoratlari qolgani, tegishli tashkilotlar masʼuliyatdan qochayotgani va sud chiqargan hukmdan norozi ekanini maʼlum qilgandi.
«Oʻsha kuni oʻgʻlimni bogʻchaga soppa-sogʻ topshirganman. Oʻgʻlimni olib, xorijga yuboradimi yoki shu yerda davolatadimi, davolab, bizga sogʻlom holda qaytarib berishsin. Dori-darmon olish uchun telefon qilsak, jinoyat sodir etganlar goʻshakni koʻtarishmaydi. Xohlasa javob beradi, xohlamasa yoʻq»

