“Oʻgʻlimni davolatib berishsin” – bogʻchada farzandini tok urgan ota sud hukmidan norozi
Fargʻona shahridagi davlat bogʻchasining 6 yoshli tarbiyalanuvchisi bogʻcha hovlisida, yertoʻladagi yuqori kuchlanishli transformator punktiga tushib ketishi oqibatida oʻta ogʻir jarohatlangan edi. Bolaning otasi Kun.uz'ga qayta murojaat yoʻllab oʻgʻlida kuyish asoratlari qolgani, tegishli tashkilotlar javobgarlikdan qochayotgani, boʻlib oʻtgan sud hukmidan norozi ekanini maʼlum qildi.

“Oʻgʻlimni davolatib berishsin” – bogʻchada farzandini tok urgani uchun ota sud qaroridan norozi
Fargʻona shahridagi 66-son davlat bogʻchasining 6 yoshli tarbiyalanuvchisi bogʻcha hududida yer ostiga oʻrnatilgan, atrofi oʻralmagan yuqori kuchlanishli transformator punktiga tushib ketib, ogʻir jarohat olgani, tana aʼzolari kuyib ketgani haqida avvalroq Kun.uz'da surishtiruv eʼlon qilingan edi.
Bolakay bir necha bor ogʻir jarrohlik amaliyotlaridan oʻtdi. Otasining aytishicha, javobgarlar masʼuliyatni toʻliq zimmasiga olmayapti, sud esa aybdorlarga munosib jazo bermagan.
“Aybdorlar farzandimni toʻliq davolatib berishsin”
Abdurahmon Qodirov, bolaning otasi:
- Oʻgʻlimni bogʻcha hududida yuqori kuchlanishli tok urgani yuzasidan boʻlib oʻtgan sud qaroridan koʻnglimiz toʻlmadi. Aybdor deb topilgan uch kishining har biriga 15 mln soʻmdan, jami 45 mln soʻm moddiy va maʼnaviy zarar qoplash boʻyicha hukm chiqarildi.
TPga yiqilganlik bo‘yicha barcha aybni oʻgʻlimga agʻdarishyapti. Bunday holatda qanday qilib bola aybdor boʻlishi mumkin? Oʻgʻlimni ehtiyotsizligi oqibatida elektr shitiga tushib ketgan, deyishyapti. Yertoʻla ochiq, uning atrofi maxsus toʻsiq bilan oʻralmagan boʻlsa, bola aybdor boʻladimi? Yuqori kuchlanishli TPni vaqtida yopib qoʻymaydimi? Atrofidagi panjara baxtsiz hodisa yuz bergandan keyin qoʻyildi...
Bechora oʻgʻlim birovlarning qilmishi sabab shuncha azob chekdi, hozir ham chekmoqda. Qoʻlini operatsiya qildirdik, oyogʻidan pay, nervini olib boshqa joyga qoʻydirdik, lekin eng yomoni, tana kuchli kuyib ketgani uchun pay yopishmadi, qoʻyib yubordi, kuygan qoʻl esa hali ham bitmayapti – bularga kim javob beradi? Bogʻcha bolasi oʻzidan oʻzi aybdor boʻlib qolaveradimi?
Men oʻsha kuni oʻgʻlimni bogʻchaga sogʻ-omon topshirgan edim. Oʻgʻlimni qoʻlimdan olishsin, chet elga olib borishadimi yoki oʻzimizda davolashadimi, tuzatib berishsin. Dori olish uchun yoki boshqa bir zaruratdan telefon qilsangiz, ayb ishni qilib qoʻyganlar koʻtarishmaydi. Xohlasa javob beradi, xohlamasa yoʻq...
Shu kunlarda Abuzarning koʻzining tagi koʻkarishni boshladi. Shifokorlar buning aniq sababini bilishmayapti. Qoʻli taxtadek qotib, bukilib qolgan. Oldinda hali bosqichma-bosqich toʻrtta operatsiyasi turibdi. Har qanday ota oʻzini mening oʻrnimga qoʻyib koʻrsin-chi? Dardimizni kimga aytamiz? Qaysi idoraga bosh egib boramiz? Dodimizni hech kim eshitmayapti.
Oʻgʻlim Abuzarni shu ahvolga kelishiga aybdorlarga munosib chora koʻrishsin. Oʻgʻlimni esa tuzatib berishsin, xoh oʻzimizda, xoh chet elda boʻlsin, toʻliq davolatib berishsin.
“Sud hukmidan norozimiz”
Obidjon Chopqiyev, advokat:
- Dastlabki tergov Fargʻona shahar prokuraturasi tomonidan olib borilib, uch nafar shaxs: bogʻcha tarbiyachisi, “Fajr” MCHJ vakili va tuman elektr tarmoqlari korxonasining mutaxassisi javobgar sifatida Jinoyat kodeksining 116-moddasi 1-qismi bilan ayblanib, sudga yuborilgan. 2026-yil 26-iyun kuni sud hukmi oʻqildi. Sud hukmidan norozi boʻlib apellyatsiya tartibida murojaat qilganmiz.
Noroziligimiz nimadan? Ayblanuvchilar doirasi keng qamrovli ekaniga qaramay, sud amalda faqat uch nafar shaxsni aybdor deb topish bilan cheklandi. 2023-yil 20-avgust kuni bu maktabgacha taʼlim muassasasi foydalanishga qabul qilingan, bu haqdagi hujjatda viloyat hududiy tarmoqlar korxonasi rahbarining imzosi mavjud. Nima uchun transformator, yaʼni elektr obyekti foydalanishga qabul qilinmagan boʻlsa, u davlat tomonidan imzolanyapti? Bu masalaning birinchi tomoni.
Ikkinchidan, butun boshli transformator oʻrnatilib, hududiy tarmoqlar korxonasi tomonidan tarmoqqa ulanyapti-yu, undan hech kim, yaʼni na tuman elektr tarmoqlari korxonasining rahbari va na viloyat elektr tarmoqlari korxonasi rahbarlarining xabari bor. Sudda xuddi shunday koʻrsatma berishdi. Sud ham ularni xabari yoʻq degan mazmundagi koʻrsatmalarga ishongan holda, oddiy bir tuman elektr tarmoqlari korxonasi mutaxassisini javobgar qilish bilan cheklandi, xolos. Bizning asosiy eʼtirozimiz shundan boʻldi.
Hozirda apellyatsiya tartibida murojaat qilganimiz bo‘yicha sud jarayonlari ketyapti, hali yakuniga yetgani yoʻq. Biz sudda ham shu mazmunda, yaʼni aybdorlar doirasi aslida keng, lekin nima uchun uch nafar shaxs javobgar boʻldi, xolos, degan mazmunda apellyatsiya kiritib, sudda ham shuni himoya qilish harakatini qilib, asoslab, dalillar bilan murojaat qilmoqdamiz.
Bola jarohatlaridan qay darajada tiklanadi? Uning tiklanishiga qancha muddat ketadi, moddiy tomondan qancha xarajat ketadi? Sud bu holatlarga yuzaki qarab, 45 million atrofida moddiy zarar chiqarib bergan, xolos. Oddiy operatsiyaning oʻzi ham hozirgi kunda ancha qimmat. Shu sababli shu tomonlariga ham eʼtibor qaratganmiz, yaʼni eʼtiroz qilganmiz. Sababi, tiklanishi uchun ozmuncha vaqt va xarajat ketmaydi. Lekin sud bularni inobatga olmay, atigi 45 million soʻmni uch nafar sudlanuvchi deb eʼtirof etilgan shaxsdan undirishni belgiladi.
Birinchi instansiya sudi jarayonida sudlanuvchilar tomonidan juda koʻp takliflarni eshitdik. Bolaning davolanishi uchun, jarrohlik amaliyotlariga olib borish boʻyicha koʻp takliflar boʻldi. Lekin bularning hammasi sud tugagungacha boʻlgan davrda qilingan takliflar boʻlib chiqdi.

