Sud ishlariga aralashgan mansabdorlar endi 5 yilgacha qamalishi mumkin

Sud ishlariga aralashgan mansabdorlar endi 5 yilgacha qamalishi mumkin
O‘zbekistonda 12-sentyabr kuni kuchga kirgan qonun bilan sud ishlariga aralashganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.
Qonun orqali Jinoyat kodeksiga sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun jinoiy javobgarlik choralarini aniqlashtiruvchi o‘zgartirish kiritildi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga esa sud binosida tartibni buzish ko‘rinishidagi sudga hurmatsizlik uchun ma’muriy javobgarlik choralarini belgilovchi qo‘shimcha qo‘shildi.
Unga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 236-moddasi (tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish) endi quyidagi mazmunda bayon etiladi:
Tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish, ya’ni ishni har tomonlama, to‘la va xolisona o‘rganilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorga yoxud adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarilishiga erishish maqsadida sudyaga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Sud ishlarini hal etishga aralashish, ya’ni muayyan ishning har tomonlama, to‘la va xolisona ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qilish yoxud adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarilishiga erishish maqsadida sudyaga yoki xalq maslahatchisiga turli shakllarda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar mansabdor shaxs tomonidan sodir etilsa, muayyan huquqdan mahrum etib, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 180-moddasiga (sudga hurmatsizlik qilish) kiritilgan qo‘shimchaga binoan, guvoh, jabrlanuvchi, daʼvogar, javobgar, ishda qatnashuvchi boshqa shaxslarning sudga kelishdan qasddan bo‘yin tovlashi yoki mazkur shaxslar hamda boshqa fuqarolarning raislik qiluvchi farmoyishiga bo‘ysunmasligi, yoxud sud majlisi paytida yoki sud binosida tartibni buzishi sudga hurmatsizlik deb baholanadi va BHMning bir baravaridan 3 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 24-fevralda qabul qilinib, Senatda 19-mayda ma’qullangandi. Hujjatda qayd etilishicha, qonun sudning mustaqilligini va sudyalar daxlsizligini ta’minlashga, ularning faoliyatiga har qanday aralashuvlarning oldini olishga xizmat qiladi.

