Sudlar faoliyatini moliyalashtirish faqat davlat byudjetidan amalga oshirilishi belgilandi

Sudlar faoliyatini moliyalashtirish faqat davlat byudjetidan amalga oshirilishi belgilandi
O‘zbekistonda sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish tartibi qonun bilan mustahkamlandi. “Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonun 11-sentyabr kuni imzolangan.
Qonunga muvofiq, sudlar faoliyati faqat O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan moliyalashtiriladi. Kelgusi yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunda Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi faoliyatini moliyalashtirish uchun alohida mablag‘lar ko‘zda tutiladi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, sudlar faoliyatini moliyalashtirish odil sudlovni to‘liq va mustaqil amalga oshirish imkonini berishi lozim. Ajratilgan mablag‘larni taqsimlash Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi uchun tegishli organlarning o‘zi tomonidan, boshqa sudlar uchun esa Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, qonunda kelgusi yil uchun byudjet loyihasini tayyorlashda sudlar va sud apparati xodimlarining moddiy ta’minoti, mehnati uchun rag‘batlantiruvchi to‘lovlar, sudlar faoliyatini moddiy-texnik va moliyaviy ta’minlash xarajatlari hamda sudyalar va ularning oila a’zolarining ijtimoiy ta’minotiga oid xarajatlar inobatga olinishi belgilangan.
Qonunga ko‘ra, ajratilgan mablag‘larni sudlarning faoliyatini ta’minlashga mo‘ljallangan xarajatlar bo‘yicha qisqartirishga ruxsat berilmaydi. Sudlar faoliyatini moliyalashtirish tartibi bundan buyon alohida qonun bilan belgilanadi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi 12-fevral kungi yig‘ilishda O‘zbekistonda Sudyalar intizomiy hayʼati tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Sudyalar mustaqilligi va daxlsizligini ta’minlash borasida yangi hay’atni tashkil etish orqali sudyaga nisbatan intizomiy jazo qo‘llashning xolis tartibi yaratiladi.

