Smartfondan chipgacha: jahon elektronikasi qayerda ishlab chiqariladi?
Jahondagi raqamli texnika ishlab chiqarish quvvatlarining 58,8 foizi Xitoy hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Xitoy, Tayvan, Janubiy Koreya va Yaponiyaning umumiy ulushi esa 80,5 foizni tashkil etadi. Bu global elektronika taʼminot zanjiri asosan Sharqiy Osiyoda jamlanganini koʻrsatadi.

Smartfondan chipgacha: jahon elektronikasi qayerda ishlab chiqariladi?
Unda mamlakat va hududlarning raqamli texnika sohasidagi jahon ishlab chiqarish quvvatlaridagi ulushi ko‘rsatilgan. Bu ko‘rsatkichlar tayyor mahsulot sotuvi yoki eksport hajmini emas, aynan ishlab chiqarish quvvatlarini ifodalaydi.
Xitoyning ulushi qolgan dunyonikidan katta
Xitoy elektronika sanoati smartfon va kompyuterlardan tortib displeylar, bosma platalar hamda boshqa elektron qismlargacha bo‘lgan mahsulotlarni qamrab oladi.
Mamlakatning 58,8 foizlik ulushi ikkinchi o‘rindagi Tayvan ko‘rsatkichidan qariyb olti baravar yuqori. Tayvanga jahon ishlab chiqarish quvvatlarining 10,2 foizi to‘g‘ri keladi.
Xitoydagi quvvatlar reytingda keltirilgan boshqa barcha mamlakat va hududlarning jami ulushidan ham yuqori.
Maqolada qayd etilishicha, Xitoy yangi besh yillik rejasi doirasida yarimo‘tkazgichlar, sun’iy intellekt va boshqa strategik texnologiyalarni rivojlantirishga e’tibor qaratmoqda.
Ayniqsa, integral sxemalar ishlab chiqarishning barcha bosqichlari, jumladan, chiplar tayyorlashni rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Bu orqali Pekin G‘arb texnologiyalariga qaramlikni kamaytirishni ko‘zlamoqda.
2030-yilga borib ushbu yo‘nalishlar bilan bog‘liq tarmoqlarning jami operatsion tushumini 4,5 trillion dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Sharqiy Osiyoning to‘rtta yetakchisi
Tayvan, Janubiy Koreya va Yaponiya birgalikda jahon raqamli texnika ishlab chiqarish quvvatlarining 21,7 foiziga ega. Xitoy bilan qo‘shib hisoblaganda, ularning umumiy ulushi 80,5 foizga yetadi.
Bu iqtisodiyotlarning har biri texnologik ta’minot zanjirida alohida o‘rin tutadi. Tayvan yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish va elektron texnikani yig‘ish bo‘yicha yirik markazlardan biri hisoblanadi.
Janubiy Koreya, xususan, yarimo‘tkazgichlar va displeylar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Yaponiya esa uzoq yillar davomida shakllangan elektronika sanoatiga ega.

