Huawei uch buklanadigan ilk smartfonini taqdim etdi
Xitoyning Huawei texnologiya korporatsiyasi yangi flagman - Mate XT2 smartfonini namoyish qildi. Bu kompaniyaning uch qismdan iborat birinchi buklama telefonidir.

Huawei oʻzining ilk uch buklanadigan smartfonini namoyish etdi
Toʻliq ochilganda Mate XT2 oʻlchami bilan planshetga yaqinlashadi — uning diagonali 10,2 dyuymni (25 sm dan ortiq) tashkil etadi. Kompaniya, shuningdek, yangi smartfonda oʻzining ilgʻor Kirin 9050 Pro chipi ishlatilganini qayd etdi.
Mate XT2 narxi 20 ming yuandan (deyarli 3 ming dollar) boshlanadi, eng qimmat versiyasi esa 25 ming yuanga (3,73 ming dollar) baholangan. Smartfon sotuvi 12-sentabrdan boshlanadi.
Hozirga qadar uch buklanadigan smartfonni faqat Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi ishlab chiqargan edi. U qurilmani 2025-yil dekabrida taqdim etgan, biroq ko‘p o‘tmay sotuvlarni to‘xtatgan. Ayni vaqtda Samsung buklanadigan smartfonlar bozorida yetakchilik qilmoqda. Counterpoint tadqiqot kompaniyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yilda uning bozor ulushi 40 foizni, ikkinchi oʻrindagi Huawei’niki esa 30 foizni tashkil qilgan.
Soʻnggi paytlarda premium toifadagi buklama telefonlarga talab ortib bormoqda. Omdia kompaniyasi prognoziga koʻra, 2028-yilga borib ularning sotuvi 2025-yilga nisbatan ikki baravarga oshib, 36 million donaga yetadi.
7-sentabr kuni Xitoyning yana bir kompaniyasi — Xiaomi ham oʻzining yangi flagman buklama smartfonini taqdim etishi kutilmoqda. Shuningdek, 9-sentabr kuni boʻlib oʻtadigan taqdimotda Apple ham oʻzining buklama smartfonini namoyish etishi taxmin qilinmoqda.

