«Siz — Yangi Oʻzbekiston qahramonlarisiz». Prezident oʻzbekistonlik shaxmatchilarni tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston terma jamoasini 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi gʻalaba bilan tabrikladi.

«Sizlar — Yangi Oʻzbekiston qahramonlarisiz». Prezident Oʻzbekiston shaxmatchilarini tabrikladi
«Jahon shaxmat olamida yulduzdek porlab, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida tarixiy gʻalabani qoʻlga kiritgan siz, aziz farzandlarimni ushbu ulugʻ zafar bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Ikki karra olimpiada chempionlari degan yuksak unvon va bu buyuk zafar barchamiz uchun, koʻp millatli xalqimiz uchun haqiqiy bayram boʻlsin!
Ushbu hayajonli daqiqalarda butun xalqimiz va jahon shaxmat jamoatchiligi 200 dan ortiq mamlakatdan 2 mingga yaqin eng kuchli va taniqli grossmeysterlar, nomdor jamoalar ishtirok etgan murosasiz bahslarda sizlar koʻrsatgan aql-zakovat, yuksak iroda, mahorat va shijoatga tahsinlar aytmoqda.
Sizlar — Yangi Oʻzbekiston qahramonlari, jahon shaxmati tarixida yangi sahifa ochgan oltin avlodsiz. Butun xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi», — deyiladi tabrikda.
Prezident tabrigida Oʻzbekiston shaxmatchilari amaldagi olimpiada chempioni — Hindistonni, qadimiy shaxmat maktabi va koʻplab grossmeysterlarga ega Xitoyni, shuningdek, jahon reytingida birinchi oʻrinda turadigan va olti karra olimpiada chempioni hisoblangan AQSh terma jamoasini ortda qoldirgani alohida taʼkidlangan.
Samarqand olimpiadasida oʻzbekistonlik parashaxmatchilar bunday oʻyinlar tarixida ilk bor bronza medalini qoʻlga kiritgani alohida qayd etilgan.
«Xalqimiz sizlarning timsolingizda kuchli bilim va iroda sohiblarini, yuksak choʻqqilarni zabt etishga qodir Yangi Oʻzbekiston yoshlarini koʻradi.
Shubhasiz, ushbu yuksak gʻalaba barchamizga yangi kuch-gʻayrat, ruh va ilhom bagʻishlaydi, oʻsib kelayotgan yosh avlodimiz uchun haqiqiy ibrat namunasi boʻlib xizmat qiladi.
Yurtimizda shaxmatni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy eʼtibor, yoʻlga qoʻyilgan samarali tizim va yaratilgan qulay sharoitlar sizlar erishgan natijalarni taʼminlashda muhim omil boʻldi. Yaqinda bu borada yana bir Prezident qarorini qabul qildik. Ushbu hujjat, shubhasiz, yaqin kelajakda yanada ulkan natijalarga erishish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Umumiy gʻalabamiz XIV–XV asrlarda Ikkinchi Renessans markazlaridan biri boʻlgan, uch ming yillik boy tarix va madaniyat sadosi yangrab turgan ushbu ulugʻ shaharda qoʻlga kiritilgani uning qadrini yanada oshiradi», — deyiladi tabrikda.
Shuningdek, Prezident oʻz tabrigida Javohir Sindorovning noyabr oyida jahon shaxmat toji uchun boʻladigan bahsda gʻalaba qozonishiga umid va ishonch bildirdi.

