Shavkat Mirziyoyev 46-butunjahon shaxmat olimpiadasi qatnashchilariga tabrik yo‘lladi

Shavkat Mirziyoyev 46-butunjahon shaxmat olimpiadasi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi
Shavkat Mirziyoyev Samarqandda ilk bor tashkil etilayotgan 46-butunjahon shaxmat olimpiadasi qatnashchilarini tabrikladi.
Davlat rahbari 200 dan ortiq mamlakatdan kelgan grossmeysterlar, murabbiylar va shaxmat muxlislarini O‘zbekistonda qutlab, olimpiada ishtirokchilari uchun Samarqand “dunyo shaxmat sporti poytaxti”ga aylanganini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, uch ming yildan ziyod tarix va madaniyatni o‘zida mujassam etgan qadimiy shaharda olimpiadaning o‘tkazilishi tadbirga alohida shukuh bag‘ishlamoqda.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda shaxmatning qadimiy maktab va an’analari mavjudligini qayd etdi. Xususan, Amir Temur strategik fikrlaydigan sarkarda bo‘lish bilan birga mohir shaxmatchi sifatida ham tilga olingani eslatildi. Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning ilmiy hamda badiiy asarlarida ham shaxmatning inson ma’naviy kamolotidagi o‘rniga e’tibor qaratilgani ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, Yangi O‘zbekistonda shaxmat boshqa sport turlari qatori “ommaviylikdan — professionallikka” tamoyili asosida mahallalardan tortib ta’lim muassasalarigacha rivojlantirilmoqda. Mamlakatda shaxmat bilan ommaviy shug‘ullanuvchilar soni 2 million nafardan, reytingga ega professional shaxmatchilar soni esa 6 ming nafardan oshgan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda xalqaro grossmeyster unvoniga ega 32 nafar shaxmatchi bor. Shuningdek, mamlakatning 5 nafar yetakchi shaxmatchisi jahon reytingining kuchli yuztaligidan joy olgan.
Prezident O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi FIDE reytingida 204 davlat orasida 8-o‘ringa, ayollar jamoasi esa 20-o‘ringa ko‘tarilganini ham ta’kidladi. O‘zbekiston terma jamoasi 2022-yilda 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida g‘olib chiqqan, 2024-yilgi Olimpiadada esa sovrindorlar safidan o‘rin olgan.
Xususan, Javohir Sindorovning jahon chempionligi uchun da’vogarlar turnirida g‘olib bo‘lib, jahon kubogini qo‘lga kiritgani, Nodirbek Abdusattorovning blits bo‘yicha jahon chempionatida kumush medal olgani qayd etildi. Yosh shaxmatchilarning xalqaro musobaqalardagi yutuqlari milliy shaxmat tarixida yangi sahifalar ochayotgani ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga 46-butunjahon shaxmat olimpiadasiga mezbonlik qilish huquqi berilganini xalqaro sport hamjamiyatining mamlakatga bildirgan yuksak ishonchi sifatida baholadi. Uning qayd etishicha, Samarqand olimpiadasi keskin bellashuvlar, yuksak sport madaniyati, halollik va o‘zaro hurmat ruhida o‘tib, yangi chempionlar va yorqin iste’dodlarni dunyoga tanitadi.
Olimpiada bilan bir vaqtda Samarqandda 3-parashaxmat olimpiadasi va 97-FIDE kongressini o‘tkazish uchun ham sharoit yaratilgani bildirildi. Prezident ushbu tadbirlarni tashkil etishdagi ko‘magi va hamkorligi uchun FIDE rahbariyati hamda jamoasiga, shuningdek, hamkor tashkilotlarga minnatdorlik bildirdi.
Davlat rahbari mazkur yirik sport tadbirlari xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashiga ishonch bildirdi. Shuningdek, ular O‘zbekistonda shaxmatni yanada ommalashtirish, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Prezident tabrigida bugungi olimpiada insoniyat kelajagini kuch emas, aql va bilim, adovat emas, do‘stlik va hamjihatlik, befarqlik emas, ezgu maqsadlar yo‘lidagi qat’iyat asosida bunyod etish g‘oyasini namoyon etayotgani ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev olimpiada qatnashchilariga mustahkam sog‘liq, barcha jamoalarga yutuq va omadlar, FIDE kongressi ishiga esa muvaffaqiyatlar tiladi. “Barchangizga zafar yor boʻlsin, Oʻzbekistonga xush kelibsiz, aziz mehmonlar!” deyiladi tabrikda.

