Singlisining to‘yiga bormagan Burak O‘zchivit, shoshilinch operatsiya qilingan Kerem Bursin: turk kino olamining eng shov-shuvli voqealari

Singlisining to‘yiga bormagan Burak O‘zchivit, shoshilinch operatsiya qilingan Kerem Bursin: turk kino olamining eng shov-shuvli voqealari
Avgust oyi turk seriallari olamida odatdagidek kutilmagan yangiliklar, mashhurlarning shaxsiy hayotidagi o‘zgarishlar va shov-shuvli voqealarga boy bo‘ldi. Quyida yozning so‘nggi haftasida yuz bergan eng qiziqarli hodisalar haqida ma’lumot beriladi.
**Singlisining to‘yida ishtirok etmagan Burak O‘zchivit**
Taniqli aktyor Burak O‘zchivitning singlisi Burchun Bafralik Hasan Sag‘dichga turmushga chiqqani ma’lum bo‘ldi. To‘y marosimi Bafradagi Elit Garden majmuasida bo‘lib o‘tdi. Biroq, marosimga mashhur aktyorning o‘zi va rafiqasi Fahriye Evjen kelmagani jurnalistlar e’tiborini tortdi va tarmoqlarda turli mish-mishlarga sabab bo‘ldi.
Ma’lum bo‘lishicha, er-xotin syomka jarayonlari nihoyatda tig‘iz bo‘lgani sababli to‘yga bora olmagan. OAV va internetda aktyorga nisbatan tanqidlar yog‘ilgach, O‘zchivit heyterlarga quyidagicha javob berdi: “Nega bunchalik bag‘ritosh bo‘lib ketdingiz? Butun oila baxtiyor, yosh kelin-kuyov shod-xurram bo‘lib turgan bir paytda, nega ularning dilini xira qilishga urinasiz, o‘zingiz to‘qiyotgan uydirmalarni o‘z shaxsiy hayotingizga tatbiq qiling, oilamizni tinch qo‘ying”.
Keyinchalik Burak singlisi va kuyovini videoaloqa orqali qo‘ng‘iroq qilib tabriklagani oydinlashdi.
**Sila Turko‘g‘lu unashtirildi**
Turk aktrisasi Sila Turko‘g‘lu tadbirkor Ata Ayildiz bilan unashtirildi. 28-avgust kuni o‘tgan marosim faqatgina eng yaqin qarindoshlar va qadrdon do‘stlar davrasida bo‘lib o‘tdi.
Ba’zi muxlislar aktrisani allaqachon turmushga chiqqan deb o‘ylashardi, biroq uning do‘stlari asosiy to‘y hali oldinda ekanini aytishdi. Avvalroq oila qurish va ona bo‘lishga tayyorligini tan olgan aktrisaning to‘yi yaqin kunlarda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Muxlislar esa qiziqarli bir tasodifni payqashdi: aktrisa 2024-yilda singlisining to‘yida kelin gulini tutib olgan edi, 2025-yilda yigiti unga turmush qurishni taklif qildi, 2026-yilda esa ular rasman unashtirildi.
**Murat Yildirim ikkinchi bor ota bo‘ldi**
Taniqli aktyor Murat Yildirim va uning rafiqasi Iman Albani ikkinchi marta ota-ona bo‘lishdi. Juftlik farzandiga Kerem ismini tanlashdi.
Chaqaloqning aniq qaysi kuni tug‘ilgani va tug‘uruq qayerda bo‘lgani sirligicha qolmoqda. Er-xotin chaqaloq bilan tushgan ilk suratlarni shifoxonadan chiqqach, uylaridan turib internetga joyladi. Eslatib o‘tamiz, juftlikning 2022-yilda tug‘ilgan Miray ismli qizi ham bor.
**Olti nafar turk aktrisasi dunyoning eng go‘zal ayollari reytingiga kiritildi**
Netizens Choice jurnali dunyoning eng go‘zal ayollari reytingining yillik natijalarini e’lon qildi. Bu gal eng kuchli yigirmatalikka birvarakayiga oltita turk aktrisasi kirdi.
Sila Turko‘g‘lu reytingda 2-o‘rinni, Yag‘mur Yuksel 3-o‘rinni, Su Burju Joshkun esa 5-o‘rinni egalladi. Shuningdek, Ilsu Demirji 8-o‘rin, Jemre Arda 9-o‘rin va Sinem Unsal 19-o‘rinni band etdi. Reyting sayt foydalanuvchilarining ovozlariga asoslangani uchun ko‘proq internetdagi odamlarning shaxsiy fikrlariga tayanilgan. Shunga qaramay, Sila va Yag‘mur ketma-ket bir necha yildan beri ushbu reytingning birinchi o‘ntaligiga kirib kelmoqda.
**Kerem Bursin shoshilinch operatsiya qilindi**
Taniqli aktyor Kerem Bursin avgust oyining so‘nggi haftasida shifoxona palatasidan suratlar joylab, muxlislarini ancha xavotirga qo‘ygan edi. Ma’lum bo‘lishicha, u jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazgan.
Turk OAVsining ma’lumotiga ko‘ra, shifokor tekshiruvi paytida Keremning o‘t pufagida kichik o‘simta aniqlangan va shu sababli uni tezda operatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan. Jarrohlik amaliyoti yaxshi o‘tgan va hech qanday kutilmagan asoratlar bo‘lmagan. Kasalxonada aktyorning yonida yaqin do‘stlari, murabbiysi va menejeri turib, uni qo‘llab-quvvatlashgan. Hozirda aktyor uyida dam olib, sog‘ligini tiklamoqda. Sentyabr oyida aktyor Germaniyaning aksessuarlar brendi reklamasida suratga tushish uchun Nyu Yorkka uchib ketishi kerak edi.
**“Qizil sharbat” serialida kutilmagan burilish: Nilay personaji yangi mavsumda fojiali tarzda loyihani tark etdi**
Aktrisa Feyza Jivelek tomoshabinlarning sevimli loyihasiga aylangan “Qizil sharbat” serialining beshinchi mavsumida suratga tushmasligini muxlislar bir necha hafta oldin bilishgan edi. Biroq ssenariy mualliflari uning qahramoni Nilayni syujetdan qanday chiqarib yuborishi hamma uchun mutlaqo kutilmagan voqea bo‘ldi.
Jurnalistlarning ma’lumotiga ko‘ra, Nilay ham xuddi Nursema va Ilhami kabi ssenariy bo‘yicha vafot etgan. Serialning beshinchi mavsumi Kivildjimning uyidagi sahna bilan boshlanadi. Shundan so‘ng tomoshabinlar Ulvi va Aponi o‘z farzandlarining qabri tepasida ko‘rishadi va aynan o‘sha yerda Nilayning ham qabr toshi ko‘rsatiladi. Hozircha Mustafoning rafiqasiga aynan nima bo‘lgani va uning o‘limiga nima sababligi haqida hech qanday aniq ma’lumot yo‘q.

