Layfstayl

Burak O‘zchivit yangi serial bilan ekranlarga qaytmoqda: “Quyosh chiqadigan joy” haqida nimalar ma’lum?

Burak O‘zchivit yangi seriali — “Quyosh chiqadigan joy” bilan ekranlarga qaytmoqda: tafsilotlar ma’lum

Mashhur turk aktyori Burak O‘zchivitni tarixiy loyihalardan tashqari, zamonaviyroq asarlarda ko‘rishdan umidini uzganlar ko‘p edi. Axir, u besh yil davomida “Hukmdor Usmon” serialida suratga tushib, aktyorning obrazi shu qadar mustahkam o‘rnashib qolganki, uni hamma shu rol bilan eslardi.

Shunga qaramay, bir yillik tanaffus va o‘zining “Istanbulning eng go‘zal qizi” nomli monospektaklidan so‘ng, Burak o‘z didiga mos loyihani topa oldi.

Yaqin orada “Quyosh chiqadigan joy” (Güneşin Doğduğu Yer) nomli yangi serial tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi. Quyida ushbu serial haqida hozirgacha ma’lum bo‘lgan barcha ma’lumotlarni jamladik.

**“Quyosh chiqadigan joy” serialining syujeti**

“Tims&B” prodyuserlik kompaniyasi tomonidan suratga olinadigan yangi turk seriali tomoshabinlarni 80-yillardagi Adana shahriga olib boradi. Davr tasodifan emas, balki ataylab tanlangan: aynan o‘sha paytlar mamlakatda turli-tuman voqealarga boy bo‘lgan.

Syujet markazida nufuzli Kozanlar oilasining ko‘zga ko‘ringan merosxo‘ri Kenan va uning onasi Jalodatning hikoyasi turadi. O‘z vaqtida aynan u o‘g‘lini Germaniyaga jo‘natgan, o‘g‘li esa u yerda Laylo bilan tanishgan. Qiz o‘z erkinligiga o‘rganib qolgan, ilg‘or qarashlarga ega munosabatlar tarafdori va turli an’analarga qat’iyan qarshi chiqadi.

Kenan esa boshqacha tarbiya olgan, biroq Layloga nisbatan his qilayotgan tuyg‘ulari oldida ojiz qoladi. Hikoyadagi asosiy ziddiyat burch hissi va shaxsiy tuyg‘ular qarama-qarshiligiga asoslanadi va bu, ayniqsa, Jalodat Kenanga ideal kelin – Xonzodani topganida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Shuningdek, ikki ona – Jalodat va Davronning o‘zaro qarama-qarshiligi, qorong‘u oilaviy sirlar, fitnalar va meros uchun kurashlar ham hikoyadan o‘rin olgan. Internetdagi tavsiflardan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, serial umumbashariy mavzularga e’tibor qaratib, ularni qahramonlarning shaxsiy kechinmalari orqali ochib beradi.

**“Quyosh chiqadigan joy” seriali jamoasi**

Yuqorida ta’kidlaganimdek, turk televideniyesi uchun bu yangi hikoyani tomoshabinlarga “Mutlaqo boshqa odam”, “Ashraf va Ro‘yo” va “Muhtasham yuz yil” kabi seriallarni taqdim etgan Tims&B prodyuserlik kompaniyasi yaratmoqda.

Bu esa loyihaning keng ko‘lamli bo‘lishini va bir necha mavsum davom etishini taxmin qilish imkonini beradi. Serial premyerasi ATV telekanalida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

“Quyosh chiqadigan joy” loyihasining rejissyorlari ikki nafar: Chag‘ri Vila Lostuvali (“Krupye”, “Bu shahar senga ergashadi”, “Tashlandiq”) va Chigdem Bozali (“Begunohlar xonadoni”). Har ikkisi ham drama va melodrama janrlarida ishlashni afzal ko‘rgani uchun serial konsepsiyasiga juda mos tushadi.

Ssenariyni esa turk seriallari muxlislariga “1001 kecha” va “Chilparchin” seriallari uchun yozgan syujetlari bilan tanish bo‘lgan Yildiz Tunch qalamga oladi. Uning shiddatli va keskin oilaviy dramalarni yaratish borasida tajribasi katta, shu bois tomoshabinlarni kafolatlangan qiziqarli voqealar kutmoqda.

Yangi serialning suratga olish ishlari 2026-yil 14-avgustda Adanada boshlandi. Asosiy joy sifatida esa “Bir zamonlar Chukurovada” seriali muxlislariga tanish bo‘lgan afsonaviy qo‘rg‘on tanlandi.

**“Quyosh chiqadigan joy” seriali aktyorlari**

“Quyosh chiqadigan joy” seriali bilan bog‘liq vaziyat boshidanoq ancha chigal edi. Dastlab asosiy erkak qahramon — Kenan roli Ug‘ur Guneshga berilgan. Aktyor suratga olish ishlarini boshlashga tayyor tursa-da, so‘nggi lahzada hamma narsa o‘zgarib, uning rolini Burak O‘zchivitga berishdi.

Jamoa go‘yoki aktyor shartnomani o‘z ixtiyori bilan bekor qilgandek ko‘rsatishga urindi, biroq Ug‘ur Gunesh roldan mahrum qilinganiga sha’ma qildi. Insayderlar Burakning ssenariyni o‘qib chiqqani, u aktyorga ma’qul kelgani va shundan so‘ng Kenan rolini o‘ziga berishni so‘ragani haqida yozishgan. Tims&B rahbariyati bunga rozi bo‘lib, “Muhtasham yuz yil” seriali yulduziga joy bo‘shatish uchun Ug‘ur Gunesh bilan kelishuvni bekor qilgan.

Uzoq vaqt davomida aktyor uchun Laylo rolini ijro etadigan mos sherik topa olishmadi. Natijada bosh ayol rolini aktrisa Beyza Gumushchine qo‘lga kiritdi.

Yangi serialdagi ko‘zni quvontiradigan alohida jihat — aktrisa Sibel Tashchiog‘lu (“Qizil sharbat”dagi Pembe) Kenanning onasi Jeladet rolida. Aynan u o‘g‘liga munosib kelin tanlaydi va uning Laylo bilan munosabatlariga qarshi chiqadi.

Serialning aktyorlar tarkibiga, shuningdek, Go‘rkem Sevindik (“Ashraf va Ro‘yo”), Devrim Yakut (“Shokir posho sulolasi: mo‘jizalar va mojarolar”), Muharrem Turkseven (“O‘mer”), Bahar Suer (“Agar erkak sevsa”), Nazlijan Demir (“Ikki dunyo, bir istak”) va Sahra Kubra Gumush (“Nomus so‘zi”) ham kirgan.

**“Quyosh chiqadigan joy” serialining namoyish sanasi**

Hozircha loyihaning aniq namoyish sanasi belgilanmagan, biroq Adanada suratga olish ishlari avjida ekanini va loyihaning ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida tizer paydo bo‘lib ulgurganini inobatga olsak, insayderlarning dastlabki taxminlariga ishonish mumkin.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, “Quyosh chiqadigan joy” seriali ATV telekanalida payshanba kunlari namoyish etiladi, birinchi qismi esa 2026-yilning 17- yoki 24-sentyabrida efirga uzatiladi. Yangi serialga “Voris: Ajdodlar chorlovi” va “Sen men sevgan inson” kabi ancha “kuchli” dizilar raqobatchilik qiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.