“Singlim qotillik qurboni boʻldi" - Surxondaryoda 21 yoshli homilador kelin vafot etdi
Boysun tumanida homilador ayolning oʻlimi yuzasidan uning yaqinlari va surishtiruv organi talqini bir-biriga zid kelyapti. Ekspertiza xulosasida oʻlimga "ogʻir xastalik sabab boʻlgani" aytilgan, qarindoshlar esa bunda kuyovni ayblashyapti. Chunki marhumaning tanasida jarohatlar boʻlgan va ekspertizada ham aniqlangan. Tibbiy ambulator kartada ayolning biror dard bilan ogʻrigani haqida qayd mavjud emas.

“Singlim qotillik qurboni boʻldi” — Surxondaryoda 21 yoshli homilador kelin vafot etdi
14-avgust kuni Boysun tumanida sodir boʻlgan voqea haqida maʼlum qilindi. Oʻsha kuni taxminan soat 09:30–10:00 lar oraligʻida marhuma opasi bilan telefonda gaplashgan. Shundan keyin aloqa birdan uzilgan. Opasi qayta qoʻngʻiroq qilganida, telefonga marhumaning eri javob bergan va janjal boshlanganini aytgan. Erkak suhbat davomida «singlingni oʻldiraman» mazmunida gapirib, aloqani uzgan. Opasi bir necha bor yana qoʻngʻiroq qilgan, biroq javob olmagan. Shundan soʻng u kuyovining otasiga murojaat qilgan. U esa oʻgʻli marhuma bilan boshqa uyga ketganini bildirgan. Taxminan 30 daqiqa oʻtgach, marhumaning eri uning opasiga qoʻngʻiroq qilib, ayol vafot etganini maʼlum qilgan.
“Singlim qotillik qurboni boʻldi. Oldindan oilasida urush-janjali bor edi. Biz uchastka noziriga aytganmiz, mahalladagilar bilan borganmiz, oʻshandayam kuyov “urib oʻldirsam ham, hech kim hech narsa qilolmaydi” degandi. Avval ham bir necha marta kaltaklangan, himoya orderi soʻradik, lekin berishmadi.
Singlim ikkinchi farzandiga toʻrt oylik homilador edi. Eri boʻyniga, oyoqlariga urgan, jasadni yuvayotganimizda sochlari yulingan, orqalari shilingan edi. Chunki sochidan tortib urgan. Yuzida, boʻyinlarida koʻkarishlar bor edi. Oʻzi ilgari sogʻligidan shikoyat qilmagan, yaqinda homiladorlik davridagi koʻrikdan oʻtgan, salomatligi yaxshi ekanligi haqida shifokor xulosasi ham bor. Lekin negadir ekspertiza xulosasida oʻlimga oʻtkir boʻyrak va jigar kasalligi sabab boʻlgani yozilgan. Agar shuncha ogʻir kasal boʻlsa shu kungacha biz bilmasmidik? Haqiqatni yuzaga chiqarish uchun singlimning qabrini ochishlariga ham rozimiz”, deydi ular.
2026-yil 15-avgustdagi 107-sonli sud-tibbiy ekspertiza xulosasida marhumaning tanasida bir nechta jarohatlar — koʻz atrofida koʻkarish, qoʻl-oyoqlarda shilinish borligi qayd etilgan. Ekspertlar bu jarohatlar oʻtmas, qattiq jism taʼsiri yoki ishqalanish natijasida yetkazilgan boʻlishi mumkin, deb baholagan. Xulosada yana tan jarohatlarining soniga qarab, tanaga kamida uch marta kuch taʼsir etgani va bu jarohatlarning ayrimlari oʻlimdan oldin yetkazilgani aytilgan.
Ekspertizada marhumada eklampsiya, bosh miyada qon aylanishining oʻtkir buzilishi, bosh miyaga subaraxnoidal qon quyilishi, bosh miya shishi, oʻtkir buyrak yetishmovchiligi hamda jigar va buyraklardagi boshqa patologik kasalliklar oʻlim sababi sifatida koʻrsatilgan.

