Mahalliy

Surxondaryoda o‘rmonda yong‘in chiqdi

Boysun tumanidagi Xomkon o‘rmon bo‘limida yong‘in sodir bo‘ldi. Uni bartaraf etishda 300 nafardan ortiq kishi qatnashgan. Jumladan, mahalliy aholidan ham ko‘ngillilar jalb qilingan.

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida joylashgan o‘rmon hududida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (FVB) axborot xizmati rasmiy ma’lumot berdi.

Xabarga ko‘ra, 12-avgust kuni soat 17:15 da “112” raqamiga Boysun davlat o‘rmon xo‘jaligining Xomkon o‘rmon bo‘limi hududida quruq o‘t va shox-shabbalar yonayotgani haqida xabar kelib tushgan.

Voqea joyiga Surxondaryo viloyati FVB va Boysun davlat o‘rmon xo‘jaligining xodimlari hamda texnikalari yetib borgan. Yong‘inni o‘chirish ishlariga FVBdan 194 nafar xodim va 8 ta texnika, Boysun davlat o‘rmon xo‘jaligidan 60 nafar xodim va 3 ta texnika, shuningdek, mahalliy aholidan 55 nafar ko‘ngilli fuqaro jalb etilgan.

15-avgust kuni soat 9:00 ga qadar yong‘in butunlay bartaraf etilgan. Hodisa natijasida taxminan 1 gektar maydondagi quruq o‘t va shox-shabbalar yonib ketgan. Jabrlanganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan.

Ayni paytda yong‘inning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.