Dunyo

Shveysariya Alisher Usmonovdan sanksiyalarni olib tashladi

Rossiyalik milliarderlardan Mixail Fridmanga qarshi cheklovlar ham bekor qilindi. Shveysariya sanksiyalar roʻyxatini 254 ta pozitsiyaga kengaytirdi.

Shveysariya Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qildi

Shveysariya rossiyalik milliarderlar Alisher Usmonov va Mixail Fridmanni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarib tashladi. Bu haqda mamlakatning Iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat kotibiyati (SECO)ga tayanib “RBK” xabar berdi.

Milliarderlardan tashqari, V.I.Vernadskiy nomidagi Qrim federal universitetining sobiq rektori Andrey Falaleyev hamda Redbird Corporate Services Ltd yuridik shaxsiga nisbatan ham cheklovlar olib tashlangan. Davlat dumasining sobiq deputati Yuriy Shvitkin va konstruktor Aleksandr Leonov vafoti sababli ularga nisbatan ham sanksiyalar bekor qilingan.

Shu bilan birga, Shveysariya sanksiyalar ro‘yxatini 254 ta pozitsiyaga kengaytirgan.

“Ular orasida 33 ta Rossiya banki, uchinchi mamlakatning bitta banki, 17 ta moliya muassasasi va kriptoxizmat provayderlari, uchinchi mamlakatlarning beshta kompaniyasi, shuningdek, Rossiyaning to‘rtta aeroporti va ikkita porti bor”, deyiladi SECO xabarida.

Shveysariya hukumati tashqi siyosiy va huquqiy omillarni baholagach, Rossiyaning ikki nafar fuqarosini hozircha sanksiyalar ro‘yxatiga kiritmaslikka qaror qilgan. Xuddi shu sabablarga ko‘ra, uchinchi davlatlardagi 14 ta kompaniyaga nisbatan eksport nazoratini kuchaytirish choralari ham qo‘llanilmagan.

“Biroq sanksiyalarning 20-paketi doirasida allaqachon joriy etilgan tezkor choralar savdo cheklovlarini chetlab o‘tishning oldini oladi”, deya ma’lum qilgan SECO.

Ma’lumot o‘rnida, 22-sentyabr kuni Yevropa Ittifoqi kengashi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uch yilga uzaytirdi, biroq Usmonov va Fridmanni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarib tashladi. Yaqinda Germaniya sudi Alisher Usmonovning YI kengashiga qarshi da’vosi bloklanishini noqonuniy deb topdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.