Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarib tashlandi

Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarildi
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatidan ikki milliarderga, jumladan Alisher Usmonovga nisbatan cheklovlarni bekor qilish va qolgan 3000 nafar jismoniy hamda yuridik shaxsga qarshi sanksiyalarni uch yilga uzaytirishga kelishib oldi. Bu Latviya o‘z vetosini qaytarib olganidan keyin amalga oshdi, deb ittifoq rasmiylari 22-sentyabr kuni ma’lum qildi.
Avvalroq YI rasmiylari sanksiyalarni uch yilga uzaytirish evaziga rossiyalik milliarderlar Alisher Usmonov va Mixail Fridmanni ro‘yxatdan chiqarishga rozi bo‘lgan edi. Biroq Latviya bunga to‘sqinlik qilgan.
Sanksiyalarni tasdiqlash uchun Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha davlatlarning bir ovozdan roziligi talab etiladi. Oldin Rossiyaga oid cheklovlar har olti oyda uzaytirib kelinar edi. Diplomatlar aytishicha, yakunda Latviya betaraf qoldi va bu kelishuvning qabul qilinishiga yo‘l ochdi.
Tegishli qaror yozma tartib deb ataluvchi jarayon to‘liq yakunlangach, rasman kuchga kiradi.
Avvalroq Litva moliya vaziri Taurimas Valis vaziyatga izoh berib, Alisher Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish Yevropa Ittifoqini zaif ko‘rsatishi mumkinligini aytgandi. Sentyabr oyi boshida Fransiya milliy xavfsizlik bahonasi bilan kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan metallurgiya magnati Alisher Usmonovni YI sanksiyalaridan chiqarishni taklif qilgan.
Bu qadam boshqa YI a’zolarini hayratda qoldirdi. Shundan so‘ng Lyuksemburg ham o‘ziga qarshi 16 milliard dollarlik da’vo arizasi kiritgan Fridmanga nisbatan shunday yondashuv qo‘llanishini talab etdi.

