Shvetsiya saylovlarida soʻl blok kichik farq bilan oldinda
Shvetsiyada parlament va mahalliy hokimiyat organlariga oʻtkazilgan saylovlarda sobiq bosh vazir Magdalena Anderssonning Sotsial-demokratik ishchilar partiyasi 28,1 foiz ovoz bilan yetakchilik qilmoqda. Byulletenlarning 94 foizi sanalganidan soʻng soʻl va oʻng siyosiy bloklar oʻrtasidagi farq juda kichikligicha qolmoqda.

Shvetsiya saylovlarida soʻl blok ozgina ustunlik qilmoqda
Shvetsiyada 13-sentabr kuni oʻtkazilgan parlament va mahalliy hokimiyat organlari saylovlarining dastlabki natijalari maʼlum qilindi.
SVT telekanali xabariga koʻra, byulletenlarning 94 foizi sanab chiqilgach, sobiq bosh vazir Magdalena Andersson yetakchiligidagi Sotsial-demokratik ishchilar partiyasi 28,1 foiz ovoz bilan peshqadamlik qilmoqda.
Umuman olganda, toʻrtta soʻl muxolifat partiyasi — sotsial-demokratlar, Soʻl partiya, «yashillar» va Markaz partiyasi amaldagi bosh vazir Ulf Kristersson boshchiligidagi oʻng blokdan juda kichik farq bilan oldinda bormoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, Soʻl partiya 8,2 foiz, «yashillar» 6,1 foiz, Markaz partiyasi esa 7,1 foiz ovoz olgan.
Oʻng blokda Kristerssonning moʻʼtadil konservativ partiyasi 19,9 foiz ovoz toʻplagan. «Shvetsiya demokratlari»ni saylovchilarning 17,6 foizi, Xristian-demokratlarni 6,2 foizi, Liberallarni esa 5,4 foizi qoʻllab-quvvatlagan.
Saylovoldi soʻrovlari avvaliga soʻl blokning ishonchli gʻalabasini bashorat qilgan edi. Ammo ovoz berish kuni yaqinlashgani sayin Magdalena Andersson boshchiligidagi muxolifat bilan Kristerssonning oʻng bloki orasidagi tafovut qisqarib bordi.
Sotsial-demokratik partiya oʻtgan bir asrning katta qismi davomida Shvetsiya siyosatidagi yetakchi kuch boʻlib kelgan va hozir ham mamlakatdagi eng yirik partiya hisoblanadi. Soʻl blok saylov kampaniyasi davomida ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish va yashash xarajatlari oshishi bilan bogʻliq muammolarni hal etishni vaʼda qildi.
Amaldagi bosh vazir Ulf Kristersson esa kampaniyada hukumatning uyushgan va zoʻravonlik bilan bogʻliq jinoyatchilikka qarshi kurashi hamda migratsiya siyosatini qatʼiylashtirishiga asosiy eʼtibor qaratdi.
Shvetsiyada ovoz berish huquqiga ega qariyb 8 mln kishi bor. Mamlakat aholisi 10,6 mln nafarni tashkil etadi. Saylovlarda ishtirok etish darajasi odatda 80 foizdan yuqori boʻladi.
Ovozlarning qariyb yarmi saylov kuniga qadar muddatidan oldin berilgan. Yakuniy natijalar siyosiy bloklar oʻrtasidagi farq juda kichik boʻlgani sababli alohida ahamiyatga ega.

