“AfD muvaffaqiyati kutilmagan hol emas, asosiy masala — partiya undan qanday foydalanishida”. Ekspert — Germaniyadagi saylov yakunlari haqida
Radikal 'Germaniya uchun alternativa' (AfD) partiyasining Saksoniya-Anhaltdagi saylovlardagi g‘alabasi bu siyosiy kuchni ilk bor federal darajada hokimiyatga olib kelishi ehtimoli bor. AfD hukumatni qanday tuzishi mumkin? Natija siyosiy tizimda nimani anglatadi? 'Dekoder' muharriri Dmitriy Karsev — shu haqda.

“AfD muvaffaqiyati kutilmagan hol emas, asosiy masala — partiya undan qanday foydalanishida”. Ekspert — Germaniyadagi saylov yakunlari haqida
6-sentabr kuni Germaniyaning Saksoniya-Anhalt federal parlamentiga (landtag) bo‘lib o‘tgan saylov natijalari keng jamoatchilikda katta rezonans uyg‘otdi. O‘ng qanot radikal “Germaniya uchun alternativa” (AfD) partiyasi 43,8% ovoz olib, ishonchli g‘alabaga erishdi. Mazkur hududda hokimiyatni qo‘lda ushlab turgan Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) esa atigi 17,2% ovoz to‘pladi. Kansler Fridrix Mers saylovlardan keyin Germaniya partiyaviy tizimida “tektonik siljish” yuz berganini aytdi.
AfD mutlaq ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘lmagani uchun partiya koalitsion hukumat tuzishga majbur. Germaniyaning yetakchi partiyalari, jumladan XDI ham “brandmauer” siyosatiga amal qiladi — Germaniyada o‘ta o‘ng qanot partiyalar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortish shunday ataladi. Biroq bundan oldinroq “Sara Vagenknext ittifoqi” hamkorlikka tayyorligini bildirgandi.
“Dekoder” onlayn nashri muharriri Dmitriy Karsev bilan saylov natijalari, hukumatni shakllantirishning ehtimoliy ssenariylari hamda AfD ta’siri kuchayishining Germaniya partiyaviy tizimi uchun oqibatlarini muhokama qildik.
— Bu qiziqish Germaniya maxsus xizmatlari tomonidan o‘ng qanot ekstremistik sifatida tasniflangan ultrao‘ng “Germaniya uchun alternativa” (AfD) partiyasining saylovlarda g‘alaba qozonish imkoniyati bilan bog‘liq edi. Shu bilan birga, gap shunchaki g‘alaba haqida emas (bunday holat partiya tarixida ikki yil avval Tyuringiyada — u ham mamlakat sharqida — kuzatilgandi), balki ovozlarning mutlaq ko‘pchiligini qo‘lga kiritib, mustaqil ravishda hukumat tuzish imkoniyati haqida bordi. Hozirga qadar hech qaysi mintaqada bunday holat bo‘lmagan.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, Germaniyaning qolgan barcha partiyalari AfD bilan hamkorlik qilishdan — koalitsiya tuzishdan ham, birgalikda ovoz berishdan ham qat’iyan bosh tortib kelgan.
— Aynan Saksoniya-Anhalt uchun bu natija shuni ko‘rsatadiki, ayni paytda AfD ushbu federal yerning barcha hududlarida eng ommabop partiya bo‘lib turibdi. Bundan tashqari, u deyarli barcha ijtimoiy-demografik guruhlarda peshqadam. Ilgari Germaniyada bunday kuchlarni “folkspartiyalar”, ya’ni aholining deyarli barcha qatlamlarini birlashtira oladigan “xalq partiyalari” deb atashardi.
Shuningdek, men AfD rekord darajadagi davomat — qariyb 78% ishtirok sharoitida g‘alaba qozonganiga ham e’tibor qaratgan bo‘lardim. Partiya ilgari saylovlarga bormagan odamlarni o‘ziga jalb qila oldi. Bu odamlar “baribir xristian-demokratlar yoki sotsial-demokratlar yutadi, hammasi yaxshi bo‘ladi” degan fikr bilan emas, balki avval hech kimni ma’qul ko‘rmagani uchun saylovga chiqmas edi. “Germaniya uchun alternativa” esa ularga yoqdi.
Shunga ko‘ra, hozirda ilk bor AfDning ushbu yerda hukumat tuzish uchun jiddiy imkoniyatlari paydo bo‘ldi. Bundan keyin bir nechta ehtimoliy yo‘llar ochiladi:
Birinchi yo‘l:
“Sara Vagenknext alyansi” bilan birgalikda ko‘pchilik hukumatini tuzish. Bu Rossiyaparast, iqtisodiy va ijtimoiy masalalarda so‘l qanot qarashlariga ega bo‘lgan, shu bilan birga migratsiyaga qattiq qarshi chiquvchi partiyadir.
Ikkinchi yo‘l:
Yashirin ovoz berishda bosh vazirlik uchun “Germaniya uchun alternativa” nomzodi Ulrix Zigmundga ovoz beradigan boshqa partiya “qochoqlari” hisobiga ko‘pchilik hukumatini shakllantirish. Bunday “qochoqlar” u yoki bu qonun loyihasi bo‘yicha keyingi ovoz berish jarayonlarida darhol fosh bo‘ladi.
Uchinchi yo‘l:
Ozchilik hukumati. Buning uchun rasmiy tartib-taomillar mavjud va nazariy jihatdan bu yuz berishi mumkin. Ammo bunga “Germaniya uchun alternativa”ning o‘zi rozi bo‘ladimi-yo‘qmi, hozircha noma’lum, chunki ozchilik hukumati uchun qonun loyihalarini o‘tkazish juda murakkab kechadi. Nimadir qo‘lidan keladi, nimadir yo‘q. Shuning uchun bu model ish berishi ham aniq emas.
— AfDning aynan olgan natijasini men kutilmagan deb aytolmayman — ijtimoiy so‘rovnomalar ularning g‘alaba qozonish ehtimoli juda yuqori ekanini ko‘rsatib turgan edi. Boshqa ikki omil kutilmagan hol bo‘ldi.
Birinchidan, Sara Vagenknextning muvaffaqiyati. Saylovgacha uning partiyasini “ko‘mib bo‘lishgan” edi, biroq u zarur bo‘lgan 5 foizli barerni oshib o‘tdi. Bu — kutilmagan holat, chunki uning qarama-qarshi bayonotlari, jumladan, “alternativa” bilan hamkorlik haqidagi so‘zlari saylovchilarni undan uzoqlashtirishi kerakdek tuyilgandi. Amalda esa, aksincha, turli toifadagi aholini o‘ziga jalb qildi va Vagenknext u yer-bu yerdan o‘ziga tarafdorlar to‘play oldi.
Ikkinchidan, bu xristian-demokratlarning qay darajada qulagani bo‘ldi. So‘rovnomalar ularga amalda olgan natijasidan qariyb 5 foiz ko‘proq ovoz berilayotganini ko‘rsatgandi. Gap 20–22 foizli ehtimoliy natija haqida borayotgandi. Biroq yakunda ular bor-yo‘g‘i 17,2 foiz ovoz oldi, bu esa eng pessimistik prognozlardan ham past ko‘rsatkichdir.
Bu yerda kontekstni ham to‘g‘ri tushunish kerak. Butun Germaniya bo‘ylab hukmron federal partiyalarning reytinglari keskin tushib ketdi. 2025-yilda Bundestagga (Germaniya federal parlamenti) saylovlar o‘tkazilganda, Saksoniya-Anhalt bo‘yicha natijalar taxminan xuddi shunday bo‘lgan edi. Lekin yana bir qadam orqaga tashlasak, manzara yanada qiziqroq bo‘ladi: 2021-yilda Saksoniya-Anhalt landtagiga o‘tkazilgan saylovlarda XDI 37,1% ovoz to‘plagandi. Ya’ni mahalliy xristian-demokratlar federal partiyaning o‘zidan ko‘ra ancha ommaboproq edi. 6-sentabrdagi saylovlar esa bu safar ular federal partiyadan norozilik kayfiyatini yumshata olmaganini ko‘rsatdi.
— Ha, da’vo qila oladi. Aynan “an’anaviy partiyalar” uchun vaziyat o‘ta noqulay tus olgani sababli shunday. Muammo faqatgina Saksoniya-Anhaltda emas. Asosiy muammo — butun Germaniya bo‘ylab xristian-demokratlar va sotsial-demokratlar juda obro‘sizlanib ketganida.
Mers hukumati davrida XDI/XSI (Xristian-ijtimoiy ittifoqi) reytingining tushishi qariyb 10% ni tashkil etdi. Sotsial-demokratlar reytingining pasayishi u qadar katta bo‘lmasa-da (jami 4%), lekin ularning dastlabki ko‘rsatkichlarini hisobga olganda, bu xristian-demokratlarniki bilan teng yo‘qotish demakdir. Ularning asosiy boshog‘rig‘i ham shunda.
AfD uchun esa bu o‘zlarini nafaqat qonun chiqaruvchi, balki ijroiya hokimiyatiga ham jiddiy da’vogarlik qilayotgan kuch sifatida namoyon etish imkoniyatidir. Ular XDI ichida AfD bilan hamkorlik qilish masalasida ichki bo‘linish keltirib chiqarish maqsadida unga bosim o‘tkazishga urinishi mumkin. Yoki ular hukumat koalitsiyasini parchalab, muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishiga erishishga harakat qiladi. Ular amaldagi koalitsiya ishlay boshlaganidan beri o‘z oldilariga aynan shu maqsadni qo‘yib kelmoqda.
Hozirda an’anaviy partiyalar reytinglari tushib borayotgani atrofida shakllangan media muhiti ularga bunday imkoniyatni taqdim etmoqda. So‘nggi besh yil ichida birinchi marta XDI reytingi 20% dan kam ekanini ko‘rsatgan so‘rovnoma natijasi e’lon qilindi. Bu taxminan Mers partiya rahbarligiga kelgan vaqtdagi natija bilan tengdir. Ya’ni u partiyani o‘sha paytdagi ancha achinarli deb hisoblangan holatga qaytarmoqda.
Agar AfD hukumatni shakllantirgan taqdirda nimalar bo‘lishi mumkinligi haqida aniqroq to‘xtaladigan bo‘lsak, vaziyat quyidagicha: agar partiya o‘z hukumatini tuzsa, ikki xil yo‘l tutishi mumkin.
Birinchi yo‘l: Sokin holda boshqarish va Germaniya Konstitutsiyasiga zid kelmaydigan qonunlarni qabul qilish.
Bu choralar kimlargadir yoqmasligi, shov-shuvli bo‘lishi mumkin, lekin rasman qonun doirasida qoladi. Masalan, maktablarda kamalak rangli bayroqlarni taqiqlash (bu ularning eng sevimli dasturiy va’dalaridan biri), maktablarda rus tilini o‘qitishni kengaytirish, partiyaga yoqmaydigan — masalan, gender yoki postmustamlakachilikka oid tadqiqotlarni mintaqaviy budjetdan moliyalashtirishni qisqartirish. Bularning barchasi federal yer hukumati vakolatiga kiradi va o‘z-o‘zidan Asosiy qonunga zid kelmaydi. Bu shov-shuvli, lekin radikal qadamlar emas.
Ikkinchi yo‘l: Konfrontatsiya yo‘lini tutish.
Masalan, qochqinlarni qabul qilishni amalda to‘xtatishga urinish, shamol energetikasini rivojlantirishni qandaydir yo‘l bilan sekinlashtirish yoki politsiya vakolatlarini, jumladan, qochqinlarga qarshi kurashish uchun kengaytirish. Bunday holatda federal hukumat oldida “mahalliy yer ishlariga aralashish kerakmi-yo‘qmi?” degan savol ko‘ndalang bo‘ladi.
Biroq bu to‘laqonli konstitutsiyaviy inqirozni keltirib chiqaradi. Birinchidan, bunday aralashuv imkoniyati Asosiy qonunda haqiqatan ham ko‘zda tutilgan, lekin uni amalga oshirish juda murakkab. Ikkinchidan, buning o‘zi katta siyosiy harakat bo‘ladi. Federal hukumatning reytinglari past bo‘lgan bir sharoitda, bu kutilmagan va oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin.
— Bunday ehtimol bor, lekin yuqorida ta’kidlaganimdek, hozircha ko‘proq “yo‘q” degan javob to‘g‘ri keladi.
AfD vakili XDI ichidagi ba’zi odamlarning — masalan, xristian-demokratlar ichidagi “o‘zgacha fikrlovchilar”, dissidentlar yoki qarshilarning ovozlari evaziga saylanishi mumkin. Ammo shundan keyin savol tug‘iladi: ular bunday ovoz berishdan keyin nima qiladi? Agar ular XDIdan chiqib, AfDga qo‘shilsa yoki partiyasiz bo‘lib qolsa, bu hali “brandmauer”ning buzilganini anglatmaydi. Ammo ular XDIda qolib, shu bilan birga muntazam tarzda AfD bilan birga ovoz berishda davom etsa, bu endi tamomila boshqacha holat bo‘ladi.
Shu bilan birga, menimcha, AfDning har qanday oshkora institutsional tuzilmalarga qarshi tashabbuslari hech kimda xayrixohlik yoki unga qo‘shilish istagini uyg‘otmaydi. Ammo agar partiya Asosiy qonun doirasida nimadir qilishga harakat qilsa, balki unga kimdir qo‘shilishi mumkin. Bu “yumshoq hamkorlik” ko‘rinishiga aylanishi ehtimoldan xoli emas.
Biroq bu holatda AfDning o‘zi o‘z radikal saylovchilarining bir qismini yo‘qotish xavfiga duch keladi — ular partiya opportunistga aylanib qoldi, unga faqat hokimiyat kerak, degan xulosaga kelishlari mumkin. Ya’ni AfD ham ancha murakkab vaziyatda qolmoqda. U mutlaq ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmadi va endi o‘z muvaffaqiyatini qanday tasarruf etish haqida bosh qotirishi zarur.
Partiya ichida bu borada turli qarashlar mavjud. Berlindagi federal rahbariyat baribir hukumatni boshqarishga urinib ko‘rish kerak deb hisoblaydi. Saksoniya-Anhaltdagi mahalliy yetakchisi Ulrix Zigmund esa, tushunishimcha, ozchilik hukumatiga rahbarlik qilishni unchalik xohlamayapti. Qo‘llab-quvvatlovsiz u koalitsion boshqaruvga ham borishni istamaydi. Ya’ni u ozchilik bo‘lib hukmronlik qilmoqchi emasligi aniq.
Shuning uchun vaziyat ancha murakkab.
— Bir nima deyish qiyin, chunki vaziyat juda shiddat bilan rivojlanmoqda va men qat’iy bashoratlar qilishdan qochgan bo‘lardim.
Mersda hozir kelajak uchun bir nechta ehtimoliy ssenariylar bor. Ulardan biri — o‘z partiyasi unga qarshi isyon ko‘tarishi va amaldagi koalitsiyani saqlab qolgan holda unga iste’foga chiqishni taklif qilishi mumkin. U, tabiiyki, bunday ssenariyning oldini olishni xohlaydi.
Xristian-demokratlarning AfD bilan hamkorlikka borishi ssenariysi, yana bir bor aytaman, juda katta muammolarga ega. Bu XDI/XSIga saylovchilarning qaytishini kafolatlamaydi. Menimcha, buning ehtimoli juda katta emas. Bundan tashqari, u endi Mersning XDIsi bo‘lmay qoladi. U AfD bilan hamkorlik qiladigan partiyaga rahbarlik qilmaydi. U bunday hamkorlikka aslo bormasligini ko‘p marta ta’kidlagan va nima uni o‘z fikrini o‘zgartirishga majbur qilishi mumkinligini tasavvur qilishim qiyin.
Menimcha, uning hozirgi bosh siyosiy xabari — “keling, yana ozgina sabr qilaylik” degan da’vatdan iborat. Chunki Germaniya iqtisodiyoti, o‘ta noqulay sharoitga qaramay, go‘yoki biroz tiklanish belgilarini ko‘rsatmoqda. O‘sishning ilk raqamlari ko‘rindi, eksport oshayotgani alomatlari paydo bo‘ldi. Umuman olganda, iqtisodiyot Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat, issiq yoz va boshqa omillarga qaramay, qandaydir ijobiy signallar bera boshladi.
Ya’ni bu — islohotlar natijasini kutish kerakligi haqidagi gap, chunki islohotlar baribir ketmoqda. Boshqa masala — sabr yetarli bo‘ladimi? Ayniqsa, Mersning o‘zi kommunikator sifatida vaziyatni tinchlantirmay, aksincha, jahlni chiqarayotganini hisobga olsak. U doimo jamiyatni asabiylashtirayotgandek va tinch emas, qo‘shimcha xavotirli muhitni yaratayotgandek taassurot uyg‘otadi. Shu sababli sabr yetadimi-yo‘qmi, bunga ishonchim komil emas. Ko‘ramiz.
Hozir Mersda tanlov unchalik ko‘p emas. Ular amaldagi koalitsiya ichida va amaldagi koalitsion hamkorlar bilan kelishib olishga urinishlari kerak. Yana bir variant — koalitsiyaning tarqalishi va qayta saylovlar. Ammo bu ham og‘ir yo‘l bo‘lib, xristian-demokratlarga hech qanday yaxshi narsani va’da qilmaydi.
— Saksoniya-Anhalt natijasini butun Germaniyaga aslo to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chirib bo‘lmaydi. Kichikni kattaga tenglashtirib bo‘lmaydi. Saksoniya-Anhalt ham, boshqa har qanday nemis yeri kabi, butun mamlakatni to‘liq aks ettirmaydi. Germaniya bu ma’noda juda federallashgan davlat bo‘lib, har bir yer — alohida dunyo demak. Garchi, albatta, umumiy tendensiyalar ham mavjud bo‘lsa-da: masalan, “alternativa”ning o‘sishi, eski partiyalarning pasayishi va hokazo.
O‘ylaymanki, o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Hozir ular qaysi yo‘nalishda harakatlanishini taxminan tasavvur qilish mumkin.
Ko‘rinishidan, nafaqat “alternativa”, balki so‘llar — Die Linke partiyasi ham radikallashadi. Chunki radikal muxolifatda bo‘lish hozir siyosiy ochkolar keltirayotgandek. Ko‘rinib turibdiki, uch tomonlama markaz shakllanadi: sotsial-demokratlar, “yashillar” va xristian-demokratlar, chunki endi ikkita partiyaning o‘zi ko‘pchilikni tashkil qilishga yetmay qolmoqda.
“Yashillar”, ehtimol, endilikda o‘zlarini markazchilik va o‘zgarishlarga intilishni o‘zida birlashtirgan eng ishonchli kuch sifatida ko‘rsatishga harakat qiladi. Ammo bu ularning qo‘lidan keladimi-yo‘qmi — katta savol, chunki ularning antireytingi hali ham juda yuqori. Xususan, menimcha, “alternativa”ning bunday kuchli g‘alabaga erishganining sabablaridan biri shundaki, ko‘plab saylovchilar saylov oldidan “yashillar”ning ko‘rsatkichlari o‘sayotganini ko‘rib, ularni yoqtirmaganlari sababli ataylab “alternativa”ga ovoz berdi.
Eng asosiy savol — XDI bilan nima sodir bo‘ladi? U qanday rivojlanadi? U yerda katta ichki parchalanish yuz bermaydimi?
Ikkinchi muhim savol — agar “alternativa” hokimiyat tepasiga kelsa, uning o‘zi bilan nima bo‘ladi? Chunki biz uni hali hokimiyatda ko‘rmadik. Men hozircha yer darajasidagi, ya’ni Saksoniya-Anhaltdagi hokimiyatni nazarda tutyapman. Bu ham partiyaning o‘z ichida muammolar va bo‘linishlarga olib kelishi ehtimoldan xoli emas, chunki hokimiyat — doimo og‘ir sinov. Tajriba bo‘lmaganida, ishlar mutlaqo kutilmagan tarzda kechishi mumkin.
Shuning uchun vaziyatni kuzatamiz. O‘zgarishlar, katta ehtimol bilan, bo‘ladi. Lekin men uchun “alternativa”ning federal darajada hokimiyatga kelishi muqarrar emas. Aniqrog‘i, men bunday degan bo‘lardim: men uchun “alternativa”ning barqaror va kuchli hokimiyatga kelishi aniq fakt emas.
Ular qandaydir cheklangan shaklda — masalan, ozchilik hukumati orqali yoki boshqa biror rolda hokimiyatga kelishlari mumkin. Ammo hozircha ularning Germaniya siyosatida mutlaq hukmron kuchga aylanayotganini ko‘rmayapman. Hozir ko‘pchilik bu haqda o‘ylamoqda va shuni kutmoqda, bunga ko‘p narsa ishora qilayotgandek ham tuyiladi. Ammo chuqurroq nazar tashlansa, hozircha unday emas.

