Shimoliy Koreya sochiluvchan jangovar kallakka ega qanotli raketani sinovdan o‘tkazdi
Pxenyan yangi strategik qurol va uning vertikal zarba berish imkoniyatlarini sinab ko‘rdi. Ekspertlar bu orqali Janubiy Koreyaning qurolli kuchlari obyektlariga zarba berish maqsad qilinganini aytdi.

Shimoliy Koreya sochiluvchan jangovar kallakka ega qanotli raketani sinovdan o‘tkazdi
Shimoliy Koreya sochiluvchan jangovar kallakka ega strategik qanotli raketani sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda 3-noyabr kuni mamlakat davlat OAV xabar berdi, deya ma’lum qildi Yonhap agentligi.
Raketa sozlash boshqarmasi ushbu sinovlarni 2-noyabr kuni amalga oshirdi. Koreya markaziy telegraf agentligi (KCNA) ma’lumotiga ko‘ra, sinovdan ko‘zlangan maqsad bunday kallakning quvvati va raketaning vertikal zarba berish qobiliyatini baholash bo‘lgan.
“Sinovlar yangi kallakning yuqori quvvatini ko‘rsatdi. Qanotli raketaga o‘rnatilgan bu o‘rtacha hajmdagi kallak 5-6 gektar maydonni kulga aylantirishga qodir”, deyiladi xabarda.
Qanotli raketa tizimlari instituti raketaning mo‘ljallangan hududning tabiiy va geografik xususiyatlariga moslashganini bildirdi. Tashkilot uning yakuniy manyovr qilish imkoniyatini yaxshilash orqali tik zarba berish qobiliyatini mukammallashtirgan.
“Xilma-xil qurol tizimlarini ishlab chiqish zarurati har qachongidan ham dolzarbdir. Chunki qurolli kuchlarimiz mamlakat xavfsizligini himoya qilishi va har qanday tahdidlarning oldini olishi kerak”, dedi Raketa sozlash boshqarmasi direktori.
Boshqarma direktorining aytishicha, o‘tkazilgan sinovlar mamlakatning amaliy jangovar qudratini namoyon etdi.
Shimoliy Koreya 2026-yil oxirigacha kassetali jangovar kallaklarning turli xillarini amaliyotga joriy etishga va’da bergan. Mamlakat 31-oktyabr kuni taktik ballistik raketalarga o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan kassetali bombani ham sinovdan o‘tkazgan edi.
Ekspertlar fikricha, KXDR raketaning tik zarba berish imkoniyati orqali Janubiy Koreya kuchlarining yerosti obyektlari va tunnelga kirish joylariga aniq zarba berishni maqsad qilgan. Bunday nishonlarga gorizontal yoki diagonal ko‘rinishda zarba berish qiyin hisoblanadi.
“Bu tortishish kuchining tezlashuvidan foydalanib, nishonga urilishdan oldin raketani to‘liq tezlikka chiqarish orqali vayronkorlik kuchini maksimal darajaga oshirish usulidir”, dedi Seuldagi Koreya mudofaa va xavfsizlik forumi bosh kotibi Shin Jong Vu.
Janubiy Koreya harbiylari 3-noyabr kuni Shimoliy Koreyaning har qanday provokatsiyalariga javob berish uchun “ustunlikka ega” imkoniyat va tayyorgarlikni saqlab qolayotganini ma’lum qildi.
“Harbiylarimiz Shimoliy Koreyaning 20 yil oldingi texnologiyasidan o‘zib ketadigan aniq zarba berish imkoniyatlari va tegishli qurol tizimlarini allaqachon ishlab chiqqan hamda doimiy jangovar tayyorgarlikni saqlamoqda”, dedi Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi matbuot kotibi, kapitan Jang Do Yong matbuot anjumanida.

