Shimoliy Koreya raketa uchirdi: uch davlat yuqori jangovar shaylikda
Shimoliy Koreya 3-oktabr kuni Yapon dengizi yoʻnalishida kamida bitta ballistik raketa uchirdi, deb xabar berdi Janubiy Koreya harbiylari. Seul, Vashington va Tokio yuqori jangovar shaylikni saqlab, raketa uchirilishi haqida maʼlumot almashmoqda.

Shimoliy Koreya raketa uchirdi: uch davlat yuqori jangovar shaylikda
DW xabariga ko‘ra, bu haqda shanba kuni Janubiy Koreya Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi ma’lum qilgan.
«Janubiy Koreya, AQSH va Yaponiya Shimoliy Koreya ballistik raketalari haqida yaqindan axborot almashgan holda yuqori jangovar shaylikni saqlamoqda», - deyiladi Seul bayonotida.
Xabarda raketaning aniq turi, qancha masofaga uchgani va qayerga tushgani haqida ma’lumot berilmagan.
Avvalroq chegaradagi portlashda uch harbiy jarohatlangan
Raketa uchirilgani haqidagi xabar ikki Koreya o‘rtasida chegaradagi portlash yuzasidan kelishmovchilik davom etayotgan paytda tarqaldi.
21-sentabr kuni chegara hududida yuz bergan portlash oqibatida Janubiy Koreyaning uch nafar harbiy xizmatchisi jarohatlangan.
AFP agentligi Janubiy Koreya harbiy manbalariga tayanib xabar berishicha, Seul hodisaga Shimoliy Koreyaning piyodalarga qarshi minalari portlashi sabab bo‘lgan, deb hisoblamoqda.
Janubiy Koreya mudofaa vaziri Kan Sin Chxol Pxenyanni sulh kelishuvini buzishda ayblab, javob choralari ko‘rish niyatini bildirgan. Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi esa KXDRdan uzr so‘rashni talab qilgan.
Pxenyan ayblovlarni rad etdi
Shimoliy Koreya portlashga aloqadorlik haqidagi ayblovlarni tan olmadi.
KXDR rahbari Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon Janubiy Koreya tomonining bayonotini «o‘ta tuban va iflos» deb atagan. Uning so‘zlarini Shimoliy Koreyaning KCNA davlat axborot agentligi tarqatgan.
Ikki davlat o‘rtasida tinchlik shartnomasi yo‘q
Shimoliy va Janubiy Koreya rasman hanuz urush holatida hisoblanadi. Koreys urushi 1953-yilda sulh kelishuvi imzolanishi bilan to‘xtagan, biroq rasmiy tinchlik shartnomasi tuzilmagan.
Ikki davlatni demilitarizatsiya qilingan zona ajratib turadi. Minalar o‘rnatilgan ushbu hududning o‘rtasidan demarkatsiya chizig‘i o‘tadi. Bu dunyodagi eng qattiq qo‘riqlanadigan va minalar eng ko‘p joylashtirilgan chegaralardan biri hisoblanadi.

