Dunyo

Seul: Shimoliy Koreya Vonsandan bir nechta ballistik raketa uchirdi

Shimoliy Koreya qurolli kuchlari artilleriya, zarba beruvchi dronlar, qanotli va ballistik raketalar ishtirokida keng koʻlamli harbiy mashgʻulot oʻtkazdi. Janubiy Koreya maʼlumotiga koʻra, Pxenyan Vonsan shahri hududidan Yapon dengizi tomon bir nechta ballistik raketani ham uchirgan.

Seul: Shimoliy Koreya Vonsandan bir nechta ballistik raketa uchirdi

Shimoliy Koreya qurolli kuchlari 12-sentabr kuni artilleriya va uzoq masofaga uchuvchi raketalar qatnashgan «yalpi oʻt ochish» mashgʻulotlarini oʻtkazdi. Bu haqda 14-sentabr kuni KXDR davlat axborot agentligi — KCNA maʼlum qildi.

Rasmiy bayonotga koʻra, mashgʻulotlarda Shimoliy Koreya armiyasining turli bo‘linmalari qatnashgan.

Mashgʻulotlar chogʻida «yangi jangovar tizimlar», jumladan, turli xil zarba beruvchi uchuvchisiz uchish apparatlari, taktik qanotli raketalar, zalp bilan oʻt ochish reaktiv tizimlari va taktik ballistik raketalardan foydalanilgan.

Shimoliy Koreya davlat OAV qurollar «jamlangan oʻt ochishning ulkan vayronkor kuchini» namoyish etgani va belgilangan nishonlarga «100 foiz aniqlikda» zarba berilgani haqida iddao qildi. Mashgʻulotlar qayerda oʻtkazilgani aytilmagan.

Janubiy Koreya harbiylari esa 12-sentabr kuni Shimoliy Koreyaning Vonsan shahri hududidan Yapon dengizi tomon bir nechta ballistik raketa uchirilganini bildirdi.

Bu uchirishlar AQSH, Janubiy Koreya va Yaponiya harbiylari Freedom Edge deb nomlangan besh kunlik qoʻshma mashgʻulotlarni yakunlaganidan bir kun oʻtib amalga oshirildi. Ushbu mashgʻulotlar asosan Shimoliy Koreya tomonidan kelib chiqishi mumkin boʻlgan ehtimoliy tahdidlarga qarshi harakatlarni muvofiqlashtirishga qaratilgan edi.

Shimoliy Koreya bundan avval 20-avgust kuni ham harbiy mashgʻulot oʻtkazib, Yapon dengizi tomon bir nechta raketa uchirgan edi. Oʻsha paytda AQSH va Janubiy Koreya harbiylari har yili oʻtkaziladigan Ulchi Freedom Shield qoʻshma mashgʻulotlarini olib borayotgandi.

Pxenyanning navbatdagi harbiy faolligi AQSH prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya bilan muloqotni tiklashga urinayotgan bir pallaga toʻgʻri keldi. Tramp 2026-yil oxiriga qadar Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashish niyati borligini bildirgan.

Shuningdek, Tramp Ulchi Freedom Shield mashgʻulotlari koʻlamini qisqartirish boʻyicha koʻrsatma bergan. U bunga mashgʻulotlarning yuqori xarajatlarini sabab qilib koʻrsatgan va ularni Shimoliy Koreyaga nisbatan «dushmanona» deb baholagan.

Ayni paytda Janubiy Koreya razvedkasi Kim Chen In Rossiya bilan harbiy hamkorlikdan olingan mablagʻlarni qurilish va qurol-yarogʻ sohasidagi bir qator loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirayotganini bildirgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.