KXDR sakkiz kun ichida ikkinchi marta raketa uchirdi
Shimoliy Koreya sharqiy sohilidan Yapon dengizi tomon ikkita qisqa masofali ballistik raketa uchirdi. Janubiy Koreya harbiylariga koʻra, birinchi raketa qariyb 450 kilometr, ikkinchisi esa 600 kilometrdan ortiq masofani bosib oʻtgan.

KXDR sakkiz kun ichida ikkinchi bor raketa uchirdi
Koreya Xalq Demokratik Respublikasi 20-sentabr, yakshanba kuni qisqa masofali ikkita ballistik raketani sinovdan oʻtkazdi.
Janubiy Koreya Shtab boshliqlari birlashgan qoʻmitasi bergan maʼlumotga koʻra, raketalar Shimoliy Koreyaning sharqiy qirgʻogʻidan Yapon dengizi tomon uchirilgan. Ikki uchirish orasida qariyb uch soat vaqt oʻtgan.
Birinchi raketa mahalliy vaqt bilan soat 15:00 lar atrofida Vonsan shahri yaqinidan uchirilgan va taxminan 450 kilometr masofani bosib oʻtgan.
Ikkinchi raketa esa soat 17:50 larda qayd etilgan. U 600 kilometrdan ortiq masofaga uchgan.
Janubiy Koreya va AQSH harbiylari raketalarning aniq turi hamda texnik xususiyatlarini aniqlash uchun qoʻshma tahlil olib bormoqda.
Yaponiya hukumati Shimoliy Koreyaga keskin norozilik bildirdi va raketa uchirishlarini mintaqadagi tinchlik hamda xavfsizlikka tahdid deb atadi.
Sinovlar avvalgi uchirishlardan sakkiz kun oʻtib amalga oshirildi. Janubiy Koreya harbiylari 12-sentabr kuni ham Vonsan hududidan Yapon dengizi tomon bir nechta ballistik raketa uchirilganini maʼlum qilgan edi.
Yangi raketa sinovlari Pxenyan oʻzini yadro quroliga ega davlat deb yana bir bor eʼlon qilib, Atom energiyasi xalqaro agentligining yadroviy faoliyatni toʻxtatish haqidagi rezolyutsiyasini rad etganidan bir necha kun oʻtib oʻtkazildi.
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon mamlakatning yadroviy davlat maqomi «mutlaq» ekanini aytdi. U Pxenyan yadroviy quroldan voz kechishiga umid qilayotganlarni keskin tanqid qildi.
AQSH prezidenti Donald Tramp avgust oyida Shimoliy Koreyada 57 ta «juda kuchli» yadroviy jangovar kallak borligini aytgan edi.
Janubiy Koreya tomoni esa Pxenyan ixtiyoridagi yadroviy kallaklar sonini 80 tadan 120 tagacha deb baholamoqda. Bu raqamlar mustaqil ravishda tasdiqlanmagan.
Shimoliy Koreya qurolli kuchlari 12-sentabr kuni artilleriya va raketa boʻlinmalari ishtirokida keng koʻlamli zarba berish mashqlarini oʻtkazgan.

