Shimoliy Koreya kassetali bombani sinovdan o‘tkazdi (foto)
Mamlakat 2023-yilda kassetali o‘q-dorilarni “ommaviy qirg‘in qurollari” deb atagan va AQSH ularni Ukrainaga yuborishiga qarshi chiqqandi.

Shimoliy Koreya kassetali bombani sinovdan o‘tkazdi (foto)
Shimoliy Koreya katta hududdagi nishonlarni bir vaqtning o‘zida yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan kassetali jangovar kallakni sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda NK News xabar berdi.
Mamlakat 2026-yil oxirigacha harbiy bo‘linmalarni ushbu qurollarning to‘rt turi bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda. Shimoliy Koreya Raketa boshqarmasi 31-oktyabr kuni jangovar kallakning imkoniyatlari va vayronkor kuchini baholash maqsadida sinov o‘tkazgan.
“Kassetali jangovar kallak 12–13 gektar maydondagi nishonlarni eng yuqori zichlikdagi zarba kuchi bilan kulga aylantirishga qodir”, deyiladi boshqarma bayonotida.
Sinov qayerda o‘tkazilgani va mutaxassislar qurolning vayronkor ta’sirini qanday baholagani haqida ma’lumot berilmagan. Janubiy Koreya Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi (JCS) 31-oktyabr kuni Sariq dengiz tomon raketa uchirilganini tasdiqlagan.
JCS ma’lumotiga ko‘ra, Janubiy Koreya va AQSH raketa uchirilishidan oldin ham Shimoliy Koreyadagi harbiy faollikni diqqat bilan kuzatib borgan. Ikki davlat razvedka ma’lumotlarini o‘zaro almashish orqali jangovar shaylikni saqlab kelgan.
“Harbiylarimiz Shimoliy Koreyadagi turli jarayonlarni yaqindan kuzatmoqda hamda har qanday provokatsiyaga qat’iy javob qaytarish uchun zarur salohiyat va jangovar shaylikni saqlab turibdi”, deyiladi bayonotda.
Shimoliy Koreya avvalroq boshqa davlatlarning kassetali o‘q-dorilardan foydalanishini qoralab, bunday qurollarni “ommaviy qirg‘in quroli” deb atagan edi.

