ShHTning yubiley sammiti. Bishkekda davlat rahbarlari nimalar haqida gapirdi?
31-avgustdan 1-sentabrga qadar Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining 25 yilligiga bagʻishlangan yubiley sammiti oʻtkazildi. Oʻzbekiston prezidenti oʻz nutqida keskinliklarni yumshatish muhimligiga urgʻu bergan holda, Yaqin Sharqdagi vaziyatning rivoji alohida tashvish uygʻotayotganini taʼkidlab oʻtdi. Hindiston bosh vaziri dunyodagi qurolli toʻqnashuvlar, xususan, Rossiya-Ukraina urushini zudlik bilan toʻxtatish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri va qatʼiy chaqiriq bilan chiqdi. «Urushning har bir kuni insoniyatni orqaga tortyapti. Harbiy harakatlarni tugatishga oʻtish kerak», dedi Modi…

ShHTning yubiley sammiti: Bishkekda davlat rahbarlari nimani muhokama qildi?
Qirgʻiziston poytaxti Bishkekda 31-avgustdan 1-sentabrgacha Shanxay hamkorlik tashkilotining 25-sammiti boʻlib oʻtdi. Unda tashkilotga aʼzo barcha davlatlarning yetakchilari ishtirok etdi. Sammitda yangi xavfsizlik markazlarini tashkil etish, giyohvand moddalarga qarshi kurashda hamkorlikni kengaytirish, raqamlashtirish, ekologiya va logistika masalalari muhokama qilindi.
**"Iqtisodiy soha ShHT samaradorligining asosiy koʻrsatkichi" – Shavkat Mirziyoyev**
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida keskinliklarni yumshatish muhimligini taʼkidlab, ayniqsa Yaqin Sharqdagi vaziyatning rivojlanishi alohida tashvish uygʻotayotganini qayd etdi.
"Uchrashuvimiz geosiyosiy boʻlinish, ishonch taqchilligi ortib borayotgan, mojarolar keskinlashayotgan va xalqaro huquq yemirilayotgan bir davrda oʻtmoqda. Yaqin Sharqdagi vaziyatning rivoji alohida tashvish uygʻotmoqda. Biz mintaqada muloqotni qayta tiklash va keskinlikni yumshatishning qatʼiy tarafdorimiz", dedi Oʻzbekiston Prezidenti.
Shavkat Mirziyoyev "ShHT-2040: umumiy taraqqiyot makoni" konseptual qarashini ishlab chiqishga kirishish taklifini ilgari surdi.
"Uning asosiy maqsadi investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlar erkin almashiniladigan, yirik infratuzilma va sanoat loyihalari amalga oshiriladigan, mintaqalar, biznes va odamlar oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar kengayib boradigan oʻzaro bogʻliq va barqaror makonni shakllantirishdan iborat boʻlishi lozim. Iqtisodiy soha ShHT samaradorligining muhim ustuvor yoʻnalishi va bosh koʻrsatkichi hisoblanadi", dedi Oʻzbekiston rahbari.
**"Kuch ishlatish va tahdid madaniyati oʻtmishda qolishi kerak" – Toʻqayev**
Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev oʻz nutqini dunyoda kuch ishlatish mafkurasidan voz kechish va xalqaro huquq ustuvorligini tiklash zarurligini taʼkidlashdan boshladi. U geosiyosiy raqobat oʻrnini oʻzaro masʼuliyat egallashi kerakligiga urgʻu berdi.
"Biz geosiyosiy raqobat va sanksiyalar oʻrnini oʻzaro masʼuliyat hamda uzoq muddatli strategik sheriklik egallaydigan mutlaqo yangi, adolatli xalqaro munosabatlar tizimini shakllantirishimiz zarur. Kuch ishlatish va tahdid madaniyati oʻtmishda qolishi kerak", dedi u.

