Shavkat Mirziyoyev SHHT oldida turgan eng dolzarb vazifalarni belgilab berdi

Shavkat Mirziyoyev SHHT oldida turgan eng muhim vazifalarni belgilab berdi
1-sentyabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining yubiley yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, tashkilotning kelgusi faoliyati uchun eng dolzarb vazifalarni belgilab berdi.
Prezident matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, yig‘ilishda “SHHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni” konseptual qarashini ishlab chiqish taklif etildi. Davlat rahbari taʼkidlashicha, ushbu konsepsiyaning asosiy maqsadi investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlar erkin almashinadigan, yirik infratuzilma va sanoat loyihalari amalga oshiriladigan, mintaqalar, biznes va odamlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar kengayib boradigan o‘zaro bog‘liq va barqaror makonni shakllantirishdan iborat bo‘lishi lozim.
Muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida SHHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasini ishlab chiqish belgilandi. Bu xarita ishbilarmonlar, investorlar va davlat tuzilmalari uchun yaratilgan yagona universal raqamli darchada maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayonlari, sotuv bozorlari va logistika tizimini birlashtiradi.
SHHT Taraqqiyot bankini amalda ishga tushirish
Hozirning o‘zidayoq amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar qatorida SHHT Taraqqiyot bankini amalda ishga tushirish hamda Hukumat rahbarlari kengashi transport, energetika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli infratuzilma sohalaridagi loyihalar portfelini shakllantirishni boshlashi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
O‘zbekiston yetakchisi Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning Sunʼiy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha butunjahon tashkilotini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusini olqishlab, SHHTning ushbu yangi texnologik alyans bilan sheriklik o‘rnatishini taklif qildi. Shuningdek, tashkilotning ochiq ko‘p tilli maʼlumotlar korpusini shakllantirish muhimligini taʼkidladi va SHHTning sunʼiy intellekt va yangi raqamli yechimlar bo‘yicha forumini o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavf-xatarlarga javoban SHHT doirasida oziq-ovqat, suv va energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha yagona kun tartibini shakllantirish zarurligi taʼkidlandi. Ushbu kun tartibini ilgari surish maqsadida SHHTning kompleks dasturlar, texnologiyalar va ilg‘or bilimlar almashinuvini muvofiqlashtiradigan ixtisoslashgan mexanizmini tashkil etish taklif etildi.
Suv va energetika samaradorligi sohasida hamkorlik
2035-yilga qadar suv va energetika samaradorligi sohasida SHHTning texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish bu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biri sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Xalqaro transport yo‘laklarining keng tarmoqli tizimini shakllantirish maqsadida SHHTga aʼzo davlatlarning temiryo‘l makonlari integratsiyasi bo‘yicha kengash taʼsis etish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Afg‘oniston vakillari bilan muntazam muloqotni qayta tiklash
Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni saqlash mintaqa xavfsizligi va taraqqiyotining asosiy sharti ekani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan SHHTning Afg‘oniston vakillari bilan muntazam muloqotini qayta tiklash tashabbusi ilgari surildi.
Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz to‘g‘risidagi nizomning qabul qilinishi tashkilot institutsional rivojlanishining yangi bosqichini boshlab berishiga ishonch bildirib, markazning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishini taʼkidladi.
Qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash maqsadida 2028—2030-yillarga mo‘ljallangan anʼanaviy sanʼat va nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash hamda ommalashtirish bo‘yicha hamkorlik dasturini tayyorlash taklif etildi.
Yakunda davlat rahbari Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharifni Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislikni qabul qilib olgani munosabati bilan tabrikladi.
Yig‘ilish yakunida hujjatlar imzolandi
Yig‘ilishdan so‘ng hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Xususan, Bishkek deklaratsiyasi, 2002-yil 7-iyundagi SHHT Xartiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma, yadroviy va jismoniy yadroviy xavfsizlikni taʼminlash yo‘lida ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim hujjatlar to‘plami qabul qilindi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov raisligida o‘tgan tadbirda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi, Eron prezidenti Masʼud Pezeshkiyon, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Xitoy raisi Si Szinpin, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon hamda SHHT bosh kotibi Nurlan Yermekbayev va tashkilotning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ularbek Sharsheyev ham qatnashdi.
O‘zbekiston prezidentining Bishkekka tashrifi birinchi kuni qanday o‘tdi?
Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida Bishkek shahriga 31-avgust kuni tashrif buyurgandi. “Manas” xalqaro aeroportida ularni Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi – Prezident administratsiyasi rahbari Adilbek Qasimaliyev va boshqa rasmiylar kutib oldi. Prezident SHHT doirasida Xitoy raisi Si Szinpin va BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashdi, AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni qabul qildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham uchrashib, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Shu kuni Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan Bishkekda VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Tadbirda SHHT doirasida tashrif buyurgan boshqa mehmonlar ham qatnashdi.

