Shaxmat Olimpiadasi. Oʻzbekiston Peruni magʻlub etdi, Sindarov ilk gʻalabasini qoʻlga kiritdi
Shaxmat Olimpiadasining ikkinchi turida Oʻzbekiston asosiy erkaklar terma jamoasi Peruni 3,5:0,5 hisobida magʻlub etdi. Javohir Sindarov turnirdagi ilk partiyasida gʻalaba qozondi. Oʻzbekiston-2 Jazoirni tor-mor etdi — 4:0, uchinchi jamoa esa Germaniyaga imkoniyatni boy berdi — 0,5:3,5. Ikkita ayollar jamoasi gʻalabaga erishdi.

Shaxmat Olimpiadasi. Oʻzbekiston Peruni magʻlub etdi, Sindarov ilk gʻalabasini qoʻlga kiritdi
17 sentyabr kuni Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining ikkinchi turi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekistonning asosiy erkaklar terma jamoasi Peru ustidan gʻalaba qozondi, Oʻzbekiston-2 Jazoirni ishonchli tarzda magʻlub etdi, mamlakatning uchinchi jamoasi esa turnirning asosiy favoritlaridan biri — Germaniyaga imkoniyatni boy berdi.
Hindistondagi Global Chess League musobaqasidagi ishtirokidan soʻng birinchi turni oʻtkazib yuborgan Javohir Sindarov uydagi Olimpiadada ilk bor maydonga tushdi. Ikkinchi taxtada u oq rangli donalarda xalqaro master Diyego Saul Rodri Flores Kilyasni (2398) magʻlub etdi.
Birinchi taxtada Nodirbek Abdusattorov Peruning eng kuchli shaxmatchisi Xorxe Koridan (2575) ustun keldi.
Oʻzbekistonga yana bir ochkoni Stiven Roxasni (2387) magʻlub etgan Shamsiddin Vahidov keltirdi. Muhiddin Madaminov Fernando Fernandes (2369) bilan oʻyinni durang bilan yakunladi.
Yakuniy natija — 3,5:0,5. Ikki turdan soʻng Oʻzbekiston asosiy jamoasi har ikki uchrashuvda gʻalaba qozondi: birinchi kuni u Yamaykani 4:0 hisobida tor-mor etgandi.
Ikkinchi erkaklar terma jamoasi Jazoirga biror ochko ham bermasdan, ketma-ket ikkinchi gʻalabasini rasmiylashtirdi — 4:0.
Jahongir Vahidov Adlan Arabni, Muhammadzohid Suyarov — Saad Beluadni, Ortiq Nigʻmatov — Ala Eddin Bulrensni, Humoyun Begmuratov — Xalil Bengerabini magʻlub etdi.
Birinchi turda Oʻzbekiston-2 Afgʻonistonni 3:1 hisobida magʻlub etgandi.
Oʻzbekistonning uchinchi terma jamoasi ikkinchi turda turnirning beshinchi raqamli jamoasi — Germaniya bilan toʻqnash keldi. Nemis jamoasi 3,5:0,5 hisobida gʻalaba qozondi.
Vinsent Kaymer Saidakbar Saydaliyevni, Frederik Svane — Bahrom Bahrillayevni, Aleksandr Donchenko — Almas Rahmatullayevni magʻlub etdi. Oʻzbekiston jamoasiga yagona yarim ochkoni Rasmus Svane bilan durang oʻynagan Muhammadali Abdurahmonov keltirdi.
Birinchi turda Mali ustidan qozonilgan 3,5:0,5 hisobidagi gʻalabadan soʻng, bu Oʻzbekiston-3 jamoasining turnirdagi ilk magʻlubiyati boʻldi.
Turnirning birinchi raqamli jamoasi — AQSh terma jamoasi ikkinchi turda Mongoliyani qiyinchilik bilan 2,5:1,5 hisobida magʻlub etdi.
Fabiano Karuana va Levon Aronyan oʻz partiyalarida gʻalaba qozonishdi, Xans Nimann durang oʻynadi. Raqibidan reyting boʻyicha deyarli 260 punkt ustun boʻlgan Avonder Lyan xalqaro master Itgelt Xuyagtsogtga (2435) yutqazib qoʻydi.
Birinchi turda amerikaliklar Iroq bilan uchrashuvda ham yarim ochko yoʻqotishgandi.
Xitoy Chilini magʻlub etdi — 3:1. Vey I va Kun Syanjuy oʻz partiyalarida gʻalaba qozonishdi, Din Lijen va Syuy Syanʼyuy uchrashuvlarni durang bilan yakunlashdi.
Ukraina Estoniyani magʻlub etdi — 3:1. Igor Kovalenko, Igor Samunenkov va Roman Dextyarov gʻalaba qozonishdi, biroq Vasiliy Ivanchuk Ilya Siroshga imkoniyatni boy berdi.
Ispaniya Urugvay ustidan gʻalaba qozondi — 3,5:0,5. David Anton Georg Mayer bilan durang oʻynadi, qolgan uchta partiyada ispanlar gʻalaba qozonishdi.
Oʻzbekistonning asosiy xotin-qizlar terma jamoasi ketma-ket ikkinchi yirik gʻalabasini qoʻlga kiritdi — bu safar Ekvador ustidan 4:0 hisobida zafar quchildi.
Afruza Hamdamova Anaxi Ortisni, Gulruxbegim Tohirjonova — Karla Erediya Serranoni, Umida Omonova — Samanta Xaramiloni, Nilufarxon Imomqoʻziyeva — Arlett Gerreroni magʻlub etdi.
Birinchi turda Nafisa Moʻminova jamoasi Trinidad va Tobagoni ham 4:0 hisobida magʻlub etgandi.
Ikkinchi xotin-qizlar terma jamoasi soʻnggi partiya yakunlanishidan oldinroq Iordaniya ustidan gʻalabani taʼminladi.
Madinabonu Xalilova va Asal Salimova oʻz uchrashuvlarida gʻalaba qozonishdi, Mumtozbegim Mansurova durang oʻynadi. Nilufar Yoqubboyevaning Jud Ahmadga qarshi partiyasi material tayyorlanayotgan vaqtda davom etayotgan edi. Joriy hisob — Oʻzbekiston-2 foydasiga 2,5:0,5, shu bois uchrashuv taqdiri hal boʻlib ulgurgan.
Uchinchi xotin-qizlar terma jamoasi xabar eʼlon qilingan vaqtda Ispaniya jamoasiga 2:1 hisobida imkoniyatni boy berayotgan edi.
Qozogʻiston terma jamoasi Bosniya va Gertsegovinani magʻlub etdi — 3:1. Meruyert Kamalidenova va Elnaz Kaliaxmet gʻalaba qozonishdi, Bibisara Asaubayeva va Zarina Nurgaliyeva durang oʻynashdi.
Amaldagi olimpiya chempioni Hindiston ham Finlyandiya ustidan muddatidan oldin gʻalabani taʼminladi. Divya Deshmukx, Vantika Agraval va Savita Shri oʻz partiyalarida gʻalaba qozonishdi, Vayshali Rameshbabuning Anastasiya Keynyanen bilan uchrashuvi esa material tayyorlanayotgan vaqtda davom etayotgan edi. Hisob — 3:0.
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi Samarqandda 16 sentyabrdan 27 sentyabrgacha boʻlib oʻtmoqda va shveytsarcha tizim boʻyicha 11 turdan iborat.

