Shavkat Mirziyoyev Xitoy Davlat kengashi Bosh vaziri Li Tszyan bilan uchrashdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Davlat kengashi Bosh vaziri Li Tsyan boshchiligidagi Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasini qabul qildi. Uchrashuv davomida tomonlar strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishni muhokama qildilar. Uchrashuv boshida Li Tsyan Oʻzbekiston rahbariga XXR Raisi Si Tszinpindan samimiy soʻrash va eng ezgu tilaklarni yetkazdi. Asosiy eʼtibor […]

Shavkat Mirziyoyev Xitoy Davlat kengashi Bosh vaziri Li Tszyan bilan uchrashuv oʻtkazdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Tszyan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Suhbat davomida tomonlar strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalarini koʻrib chiqdilar.
Uchrashuv boshida Li Tszyan Oʻzbekiston rahbariga XXR Raisi Si Tszinpindan samimiy salom va eng ezgu tilaklarni yetkazdi.
Joriy yilning avgust oyida Bishkekda ikki mamlakat yetakchilarining uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni amaliy roʻyobga chiqarishga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar parlamentlar, hukumatlar, sohaviy idoralar, hududlar va ishbilarmon doiralar darajasidagi aloqalar faollashganini taʼkidladilar.
Oʻzbekiston «yagona Xitoy» siyosatiga va «uchta yovuz kuch»ga qarshi birgalikda kurashishga sodiqligini tasdiqladi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar aylanmasi oʻsishida barqaror ijobiy dinamika qayd etildi. Ishlab chiqilgan investitsiya loyihalari portfeli qariyb 60 milliard dollarga yetdi, tashkil etilgan qoʻshma korxonalar soni esa 6 mingdan oshdi. Bundan tashqari, Oʻzbekistonga tashrif buyurayotgan xitoylik turistlar oqimi ortmoqda va kambagʻallikni qisqartirish sohasida tajriba almashish davom etmoqda.
Tomonlar iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida, jumladan, yashil energetika, kimyo, geologiya, avtomobilsozlik, metallurgiya va qishloq xoʻjaligida amaliy hamkorlikni kengaytirish zarurligini taʼkidladilar.
Alohida ravishda infratuzilmani modernizatsiya qilish, tinch atom, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish, shuningdek, stanoksozlik va robototexnika sohasidagi hamkorlik masalalariga toʻxtalib oʻtildi.
Muzokaralarning muhim mavzularidan biri ishlari jadal surʼatlar bilan olib borilayotgan Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston strategik temir yoʻli qurilishi boʻldi.
Transport koridorining ishga tushirilishi mintaqaviy savdoni rivojlantirish, logistika aloqalarini mustahkamlash hamda Markaziy Osiyoning Xitoy bilan transport jihatidan bogʻliqligini oshirishga qoʻshimcha turtki berishi kutilmoqda.
Uchrashuv davomida turistik, madaniy va taʼlim almashuvlarini kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi. Oʻzaro tashriflarni ragʻbatlantirish uchun Oʻzbekiston va Xitoy shaharlari oʻrtasida aviareyslar chastotasini oshirish rejalari koʻrib chiqildi.
Yaqin orada Xitoyda Oʻzbekiston madaniyati kunlarini oʻtkazish, shuningdek, ikki mamlakat madaniyat markazlarini oʻzaro ochish rejalashtirilgan.
Tomonlar Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT), «Markaziy Osiyo — Xitoy» formati va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida koʻp tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladilar.
Muzokaralar Oʻzbekiston va Xitoyning har tomonlama strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va transport, sanoat, energetika, texnologiyalar hamda gumanitar hamkorlik sohalarida qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishga boʻlgan intilishini tasdiqladi.

