Mahalliy

Shavkat Mirziyoyev «Urganch-Xiva» pullik yo‘li bilan tanishdi

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi

Shavkat Mirziyoyev «Urganch-Xiva» pullik yo‘lini ko‘zdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotdan so‘ng yangi «Urganch – Xiva» pullik avtomobil yo‘li bilan tanishdi.

Mamlakatimizda zamonaviy yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, transport harakati tezligi va xavfsizligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yil 5-avgust kuni qabul qilingan «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririda pullik avtomobil yo‘llarini tashkil etishning huquqiy asoslari belgilandi. Bunda haydovchilar uchun muqobil bepul yo‘l mavjud bo‘lishi asosiy shart hisoblanadi.

Urganch aeroporti va Xiva shahri o‘rtasidagi yangi avtomobil yo‘li aholi va sayyohlar uchun xavfsiz, tezkor va qulay harakatlanish imkoniyatini yaratishga qaratilgan.

Loyiha doirasida 35 kilometr avtomobil yo‘li, 1 ta yer osti tunneli, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 15 ta ko‘prik va 106 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etildi.

Mavjud yo‘l orqali Urganchdan Xivaga yetib borishga 45-50 daqiqa vaqt sarflansa, yangi to‘rt tasmali magistralda bu vaqt 15-17 daqiqagacha qisqaradi. Yo‘l sutkasiga 30 mingdan ortiq transport vositasini o‘tkazish quvvatiga ega.

Transport oqimi va to‘lovlarni boshqarish sun’iy intellektga asoslangan raqamli tizimlar orqali amalga oshiriladi. Yengil va yuk avtomobillari, shuningdek, avtobuslardan to‘lov transport vositasini to‘xtatmagan holda elektron shaklda undiriladi.

Yo‘l bo‘yida xalqaro standartlarga mos xizmat ko‘rsatish va servis obyektlarini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.

Yo‘l qoplamasining yuqori qatlamlarida issiq iqlimga chidamli maxsus modifikatsiyalangan bitum aralashmasidan foydalanilgan. Qoplamaning umumiy qalinligi 87 santimetrni tashkil etadi.

Yangi magistral Urganch va Xiva o‘rtasidagi qatnovlarni yanada tezlashtirish va qulaylashtirish, sayyohlar uchun transport imkoniyatlarini kengaytirish hamda hududning yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.