Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidentini Qurultoyga saylov muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidentini Qurultoyga saylovlar muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi.

24-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, suhbat boshida O‘zbekiston rahbari Qozog‘iston prezidentini mamlakat tarixida birinchi marta bir palatali Qurultoyga saylovlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi. Yangi Qurultoy Qozog‘istonda izchil islohotlarni yanada ilgari surishda muhim omil bo‘lishi, keng ko‘lamli o‘zgarishlarni qonunchilik jihatidan samarali taʼminlashi va mamlakatning barqaror rivojlanishiga yangi surʼat bag‘ishlashiga ishonch bildirildi.

Suhbat davomida davlat rahbarlari O‘zbekiston—Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘zaro savdo hajmini yanada oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish hamda ikki mamlakat hududlari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb mavzular yuzasidan ham fikr almashdilar.

Qozog‘istonda parlament saylovlari 23-avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Bu mamlakatda yangi Konstitutsiya qabul qilinganidan keyingi ilk parlament saylovi bo‘ldi. Yangi Konstitutsiyaga ko‘ra, Qozog‘iston ikki palatali parlamentdan bir palatali parlamentga o‘tdi. Bir palatali parlament — Qurultoy — 5 yil muddatga saylanadigan 145 nafar deputatdan iborat. Mamlakat Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Yangi parlament saylovlarida prezidentlik partiyasi — “Adilet” 70 foizdan ortiq ovoz to‘pladi.

Shavkat Mirziyoyev 23-avgustda Qozog‘iston prezidentiga maktub yo‘llab, Qurultoyga saylovlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklagandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.