Siyosat

Qozog‘istonda Qurultoyga saylovlar boshlandi

Qozog‘istonda ilk bor Qurultoy (yangi bir palatali parlament) saylovlari boshlandi. Bu haqda mamlakat Markaziy saylov komissiyasi ma’lum qildi.

Respublikaning 20 ta hududidagi 10 363 ta saylov uchastkasida ovoz berish jarayonlari soat 7:00 da boshlandi. Hududiy komissiyalar qaroriga ko‘ra, yana 107 ta uchastka ertalab soat 6:00 dan ishga tushgan. Shuningdek, 16 ta xorijiy davlatda tashkil etilgan 19 ta saylov uchastkasi ham fuqarolarni qabul qilmoqda.

Ushbu saylovda jami 10 423 ta uchastka, jumladan, 61 ta xorijiy davlatdagi 79 ta vakolatxona faoliyat yuritadi. Ovoz berish jarayonida 12 605 788 nafar fuqaroning ishtirok etishi kutilmoqda. Ulardan 17 132 nafari yashash manzilidan tashqarida ovoz berish uchun ro‘yxatdan chiqarish guvohnomasini olgan.

Qozog‘istonning ikki palatali parlamenti 30-iyun kuni o‘z faoliyatini rasman yakunladi. Islohot qo‘shni respublikaning siyosiy tizimini tubdan o‘zgartiradi: ikki palatali parlament — Senat va Majlis o‘rniga bir palatali Qurultoy tashkil etiladi, vitse-prezident lavozimi qaytariladi, shuningdek, yangi maslahat organi — Xalq kengashi paydo bo‘ladi, uning a’zolari prezident tomonidan tayinlanishi kutilmoqda.

Mamlakatda 1-iyuldan boshlab yangi Konstitutsiya kuchga kirdi. Mart oyida uning loyihasi qariyb 90 foiz ovoz bilan ma’qullangan edi. Yangi Konstitutsiya amaldagi prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevga yana davlat rahbari saylovida ishtirok etish imkonini beradi. Sababi 1995-yilgi Konstitutsiya bo‘yicha ayrim davlat lavozimlarini egallagan shaxslar yangi Konstitutsiya kuchga kirganidan keyin tegishli lavozimlarga qayta saylanishi yoki tayinlanishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.